O‘zbekistonning qator oliy ta’lim muassasalari bilan Fransiyaning «Parij-Syud», «Parij I Panteon-Sorbonna», «Parij IV», Grenobl, Nitssa Sofiya Antipolis, Tuluz, «Bretan-syud» kabi universitetlari, Sharq tillari va sivilizatsiyalari Milliy instituti, Tuluz shahridagi siyosiy tadqiqotlar instituti va Versal shahridagi Oliy arxitektura maktabi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv va protokollar imzolangan. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Bugungi kunda Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti negizida Parij xalqaro moda akademiyasi filialini tashkil qilish masalalari bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Shuningdek, fransiyalik pedagoglarning Samarqand «Ipak yo‘li» turizm xalqaro universiteti faoliyati va unda fransuz tilidan saboq berishni joriy etishda ishtiroki borasidagi dasturlarni ishlab chiqish ishlari davom etmoqda.

O‘zbekiston prezidentining «Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosi doirasida esa O‘zbekistonda fransuz mutaxassislari ishtirokida o‘zbek o‘qituvchilarining malakasini oshirish bo‘yicha seminarlar muntazam tashkil etib kelinmoqda.

Ayni paytda O‘zbekistondagi 1260 ta maktab, kollej va litseyda, shuningdek, 8 ta oliy ta’lim muassasasida 280 mingdan ziyod yoshlar fransuz tilidan saboq olmoqda.

Shuningdek, birodarlashgan shaharlar — Samarqand bilan Lion, Xiva bilan Versal, Buxoro bilan Ruey-Malmezon o‘rtasidagi amaliy hamkorlik doirasida qator loyihalar amalga oshirilmoqda.