O‘zbekiston milliy chempionati superligasida Namangan viloyati sharafini himoya qilayotgan “Navbahor” futbol klubi tizimida bir qator jiddiy o‘zgarishlar yuz berdi. Namangan shahridagi “Markaziy” o‘yingohda o‘tkazilgan taqdimot marosimida jamoaning yangi bosh murabbiyi ommaga tanishtirildi. “Navbahor” jamoasini endilikda rossiyalik taniqli mutaxassis Andrey Kanchelskis boshqaradigan bo‘ldi. U bosh murabbiylik lavozimida Ilhom Mo‘minjonovning o‘rnini egalladi. Bu haqda namnews.uz xabar berdi.

Taqdimot marosimida Namangan viloyati hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi rahbari Xayrullo Bozorov so‘zga chiqib, “Navbahor” uchun yuksalish yili bo‘layotgan 2018 yilda klub o‘z oldiga qo‘ygan yuksak maqsadlar aslo og‘ishmasligini ta’kidladi.

“Endi ochko yo‘qotishga haqqimiz yo‘q. Bu yil g‘alabalarimiz debochasi bo‘ladi. “Navbahor"ning keyingi yilgi 40 yillik yubileyida chempion bo‘lishini ko‘raylik. Ilhom Mo‘minjonov jamoani chempionlikka olib chiqishi lozim edi. U talabimizga javob bera olmadi. Jamoani shunday ahvolga solishiga qarab turolmasdik. Jamoaga yangi qon olib kiradigan murabbiy sifatida Andreyni Kanchelskisni taklif qildik. Endi ortga yo‘l yo‘q! Xohlardikki, yangi bosh murabbiy Namanganga Angliya futbol havosini olib kirsa”, — dedi Xayrullo Bozorov.

Marosimda Andrey Kanchelskis klub bilan rasman shartnoma imzoladi. Bosh murabbiy taklifi bilan Aleksey Ilich Belenkov klubda yordamchi murabbiy sifatida ish boshlaydi.

Ma’lumot o‘rnida, Andrey Antanasovich Kanchelskis 1969 yil 23 yanvarda Ukrainaning Kirovograd shahrida tug‘ilgan. Futbolchilikdagi faoliyati davomida yarimhimoya chizig‘ida harakat qilgan. Ukrainaning “Zvezda”, “Dinamo Kiyev”, “Shaxtyor”, Rossiyaning “Saturn”, “Krilya Sovetov”, Angliyaning “Manchester Yunayted”, “Everton”, “Manchester Siti”, “Sautgempton”, Italiyaning “Fiorentina”, Shotlandiyaning “Reyndjers”, Saudiya Arabistonining “Al Hilol”, jamoalarida to‘p surgan. Jami 456 ta o‘yinda maydonga tushib, raqiblar darvozasiga 95 ta gol kiritgan. Sobiq ittifoq terma jamoasida 17 ta o‘yin o‘tkazib, 3 ta gol urgan. MDH terma jamoasida 6 ta o‘yin o‘tkazgan. Rossiya terma jamoasi safida esa 36 ta uchrashuv o‘tkazib, 4 ta gol muallifi bo‘lgan. Murabbiylik faoliyatini 2009 yili “Torpedo-ZIL” klubida boshlagan va 2016 yilga qadar Rossiyaning “UFA”, “Volga”, “Solyaris” va Latviyaning “Yurmala” jamoalarida bosh murabbiy sifatida faoliyat yuritib kelgan.