Buyuk Britaniya hukumati Gulnora Karimova ishtirokida tuzilgan korrupsion kelishuvlardan olingani taxmin qilinayotgan daromadlarni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha harakatlar boshlangani to‘g‘risida ma’lum qildi.

Jiddiy firibgarliklarga qarshi kurash boshqarmasi (Serious Fraud Office, SFO) 3 oktyabr kuni 2002 yildagi «Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlar to‘g‘risida"gi qonunga muvofiq, fuqaroviy tartibda aktivlarni olib qo‘yish to‘g‘risidagi da’vo bilan sudga murojaat qildi.

«Da’vo qator aktivlar, jumladan, SFO fikricha, Buyuk Britaniyadagi O‘zbekistonda Gulnora Karimova va Rustam Madumarov ishtirokida tuzilgan korrupsion kelishuvlardan olingan daromadlardan foydalangan holda xarid qilingan uchta ko‘chmas mulk ob’ektiga taalluqli», — deyiladi boshqarma xabarida.

O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning qizi 2015 yil avgustda 2013 yilda qo‘zg‘atilgan jinoiy ish bo‘yicha besh yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edi. U ta’magirlik, soliqlarni to‘lashdan bosh tortish, soxta tadbirkorlik va boshqa jinoyatlarda aybdor deb topilgan.

2017 yilning yozida uyushgan jinoiy guruhga yordamlashish holati bo‘yicha jinoiy ish hamda Gulnora Karimovaning qamoqqa olingani to‘g‘risida ma’lum bo‘ldi. Uyushgan jinoiy guruh 10 dan ortiq davlatda legallashtirilgan aktivlar, jumladan Buyuk Britaniyada 4,2 mln funt miqdoridagi pul mablag‘lari, shuningdek Londonda umumiy qiymati 22,9 mln funt bo‘lgan uy, kvartira va villalarga ega ekani xabar qilindi.