2 oktyabr kuni Vashingtonda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi delegatsiya AQSH ta’lim vaziri Elizabet Devos bilan muzokaralar o‘tkazdi, deya xabar qildi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, uchrashuvda joriy yilning may oyida o‘tkazilgan oliy darajadagi O‘zbekiston-Amerika uchrashuvlari doirasida erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etishga yo‘naltirilgan ta’lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

Shu nuqtai nazardan o‘quv jarayonini boshqarish, tizimga AKT joriy etish, o‘qituvchilarni moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda maktab ta’limini moliyalashtirish modellari mexanizmlarini takomillashtirish borasidagi hamkorlikning istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Ingliz tilini o‘qitish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo memorandumni izchil implementatsiya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shu qatorda barcha fanlar ingliz tilida o‘qitiladigan umumta’lim maktablarini ochishdan tomonlar birdek manfaatdorligi ta’kidlandi.

Amerika tomoni hamkorlikning dastlabki bosqichlarida o‘qituvchilarni onlayn tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yishda hamda keyinchalik AQSHning sohaviy universitetlari bilan birgalikda zamonaviy ta’lim uslublariga asoslanuvchi maxsus dasturlarni ishlab chiqishda ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.

Muzokaralar yakuniga ko‘ra O‘zbekistonda maktab ta’limi tizimini takomillashtirishda AQSHning ilg‘or tajribasini joriy etish masalalarida ikki vazirlik o‘rtasidagi aloqalarni davom ettirishga kelishib olindi.