AQSH Xalqaro rivojlanish bo‘yicha agentligining (USAID) xalqaro savdo huquqi sohasidagi eksperti Yovan Yekich Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston tashqi savdo vaziri maslahatchisi lavozimiga tayinlandi, deya xabar qildi tashqi savdo mahkamasi matbuot xizmati.

Yovan Yekich xalqaro tijorat huquqi, intellektual mulkni muhofaza qilish, bojxona qoidalari va jarayonlari, savdo siyosatining huquqiy boshqaruvi, savdo va investitsiya siyosati sohalarida 35 yildan ziyod tajribaga ega. 2001−2017 yillarda Ozarbayjon, Tojikiston hamda Serbiya va Chernogoriya hukumatlariga JSTga a’zo bo‘lish masalalarida maslahatchilik qilgan. Maslahatchi lavozimiga tayinlash to‘g‘risidagi kelishuvga may oyida Vashingtonda erishilgan edi.

«O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi eksport geografiyasini yanada kengaytirish, xorij mamlakatlariga mahsulot va xizmatlar yetkazib berish hajmlarini oshirishga xizmat qiladi. Ma’lumki, JSTga a’zo bo‘lish uyg‘un, og‘ir va uzoq davom etuvchi jarayon bo‘lib, bu o‘rinda xalqaro ekspert tashkilotga a’zo bo‘lish orqali eng yaxshi afzalliklarga ega bo‘lish maqsadlarida JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha har tomonlama mushohadali muzokaralarni olib borishda ko‘mak ko‘rsatadi», — dedi tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev.

Yovan Yekich maslahatchi lavozimida JST kotibiyatiga taqdim etish uchun O‘zbekiston tashqi savdo rejimini aks ettirgan asosiy hujjat (memorandum), milliy qonunchilikka JST kelishuvlariga muvofiq o‘zgartishlar kiritish uchun takliflar, shuningdek yaqinda JSTga a’zo bo‘lgan davlatlar tajribalaridan kelib chiqqan holda mamlakatning xalqaro konvensiya va bitimlarga qo‘shilishi bo‘yicha takliflarni tayyorlashda ko‘mak ko‘rsatadi.

U O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonida muzokaralar o‘tkazish, jumladan respublikaning uchrashuv va muzokaralar masalalari bo‘yicha muzokaralar guruhi a’zolari bilan davra suhbatlari va mavzuli uchrashuvlar tashkil etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqishda ishtirok etadi.