1 oktyabr kuni Toshkentdagi Amir Temur xiyoboni atrofida navbatdagi otlar paradi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ingliz, nemis, yangi qirg‘iz, qorabayir va friz zotlariga mansub 80 dan ortiq ot qatnashdi.

Otlarni ot sporti vakillari, O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari, Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasi hamda Milliy gvardiya faxriy qorovul kavaler eskadroni bataloni xodimlari boshqarib bordi.

Amir Temur haykali qarshisida Milliy gvardiya orkestri chiqish qildi, poytaxt aholisi va mehmonlari esa bayramni tomosha qilish uchun yo‘l yoqalab saf tortishdi. Yilqichilik va ot sporti federatsiyasi prezidenti o‘rinbosari Eldor Anorboyev «Gazeta.uz"ga tadbir O‘zbekiston O‘qituvchilar va murabbiylar kuni munosabati bilan o‘tkazilganini ma’lum qildi.

«Prezident topshirig‘iga ko‘ra, biz ot sportini ommalashtirish va ommaviy sportni rivojlantirish uchun bu kabi tadbirlarni ko‘plab tashkil etamiz. Maqsad — ushbu sportga ko‘proq e’tibor jalb etish. O‘tmishda ajdodlarimiz yaxshi chavandozlar bo‘lishgan, har birimizning tomirimizda chavandozlar qoni oqmoqda», — dedi u.

Ilk shu kabi otlar paradi 8 iyul kuni bo‘lib o‘tgan edi. O‘shanda ham turli zotlarga mansub 80 bosh ot poytaxt ko‘chalari bo‘ylab o‘tdi.

Video

Smotret v Tas-Ix

Foto