O‘zbekiston birinchi prezidentining nevarasi va Gulnora Karimovaning qizi Imon Karimova Londonga keldi. Bu haqda u Instagram orqali ma’lum qildi. Londonda uning akasi Islom yashaydi.

Ijtimoiy tarmoqdagi akkauntida Imon Karimova London metrosi vagoni va LSE (London School of Economics) ma’ruzasidan fotosuratlar e’lon qilgan. Ungacha esa 29 sentyabrda Istanbuldan Londonga parvoz qilgan reys uchish taloni tasvirini ulashgan edi.

Avvalroq Imon Karimova 28 sentyabrdagi Toshkent-London reysi uchish taloni rasmini joylashtirib, uning yuklari va elektron uskunalari tekshirilgani sababli ucha olmaganini ma’lum qildi. Keyinroq esa «Made it» («O‘xshadi») yozuvli foto paydo bo‘ldi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi «Gazeta.uz"ga Imon Karimovaning ketganini tasdiqladi. «Bunga hech qanday rasmiy to‘siqlar yo‘q edi», — deya xabar qildi mahkama matbuot xizmati.

Bosh prokuraturadan Gulnora Karimovaning uyda ekani haqidagi xabarlar tasdiqlanmadi va u belgilangan tartibda jazoni ado etayotgani ta’kidlandi.

Imon Karimova so‘nggi marta 2017 yil 31 avgustida ommaga ko‘rinish berib, xolasi Lola Karimova-Tillayeva bilan Toshkentda Islom Karimov haykaliga gullar qo‘ygan edi.

O‘tgan yilning iyulida Bosh prokuratura Gulnora Karimova 2015 yil avgustida besh yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosiga tortilganini ma’lum qildi. O‘sha vaqtda unga nisbatan yana bir jinoyat ishi davom etayotgan edi. Ikkita ish bo‘yicha davlat va fuqarolar manfaatlariga yetkazilgan zarar miqdori 3,7 trln so‘mni tashkil etadi.