O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Milliy kinoindustriyani rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorida «O‘zbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi» davlat muassasasi nodavlat notijorat tashkiloti sifatida qayta tashkil etish ko‘rsatilgan edi. Qaror talablaridan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi 2018 yilning 21 sentyabr kuni «O‘zbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi"ni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur uyushma o‘z oldiga O‘zbekiston Respublikasi hududida o‘zbek kinematografiyasining rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, kinoarboblar, kinematografistlar va o‘z a’zolarining ijodiy-professional manfaatlarini ta’minlashni maqsad qilib qo‘ygan.

Shu munosabat bilan, «O‘zbekkino» milliy agentligida taniqli kinoijodkorlar ishtirokida tadbir o‘tkazilib, tadbirda uyushma rahbariga uyushmaning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi bo‘yicha guvohnoma tantanali ravishda topshirildi.

Tadbir davomida yig‘ilganlarga nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar hususida ma’lumotlar berilib, so‘nggi yillarda mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ijobiy ishlar haqida fikrlar almashildi.