Endilikda advokatlar hakamlik sudlarida va xalqaro tijorat arbitrajlarida sudya sifatida faoliyat olib borish mumkin. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Shuningdek, advokatlarga patent vakili va mediator sifatida, shartnoma asosida davlat organlarining, xo‘jalik boshqaruvi organlarining, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarning yuridik xizmati sifatida faoliyat yuritish huquqi berilmoqda.

Bu Oliy Majlis Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan ma’qullangan «Yuridik yordam va huquqiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonunda o‘z ifodasini topgan.

Davlat rahbarining 2018 yil 12 maydagi «Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoniga asosan «Advokatura to‘g‘risida"gi qonunga kiritilayotgan o‘zgartishlarda advokatlik faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilandi. Shu bilan birga, yuridik xizmat xodimi sifatida, sudya, tergovchi, prokuror lavozimida kamida uch yil ish stajiga ega ayrim toifadagi shaxslarga advokatlik tuzilmasida stajirovkadan o‘tmasdan malaka imtihonida ishtirok etish huquqini berish nazarda tutilmoqda.

Qonun bilan advokatlik byurosini ta’sis etgan advokatlarga mulk huquqi asosida yoki boshqa qonuniy asosda o‘ziga tegishli bo‘lgan turar joylarda o‘z faoliyatini amalga oshirish huquqi berilmoqda. Bunda advokatga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan turar joylarni advokatlik byurosi faoliyatida foydalanish maqsadida noturar joylar toifasiga o‘tkazish talab qilinmaydi.