18−22 sentyabr kunlari Tojikistonning So‘g‘d viloyatidagi «Choruxdayron» poligonida O‘zbekiston va Tojikiston respublikalari qurolli kuchlari harbiy xizmatchilari o‘rtasida hamkorlikda «Jangovar hamdo‘stlik-2018» o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi. Mashg‘ulotlarning asosiy qismini bevosita ikki mamlakat mudofaa vazirlari kuzatib bordi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar berdi.

Hamkorlikdagi o‘quv mashg‘ulotlarida jami 600 dan ortiq harbiy xizmatchilar, 100 dan ziyod turli tipdagi texnikalar ishtirok etdi.

O‘zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Abdusalom Azizovning ta’kidlashicha, 5 kun davom etgan o‘quv-mashg‘ulotlari ikki do‘stona armiya tarixida ilk bor o‘tkazilgan manyovrlar bo‘lib, ular tarixiy ahamiyatga ega.

«Bugungi kunda dunyo va Markaziy Osiyo hududidagi vaziyat, xalqaro terrorchi guruhlar faolligining ortishi — bizni hushyor bo‘lishga, qurolli kuchlarimizni doimo jangovar shay holatda turishga majbur qiladi. Biz yagona hududda yashaymiz, shuning uchun faqatgina birgalikda qilingan do‘stona harakatlar va harbiy qismlarning o‘zaro hamkorligi natijasida, terrorizmga qarshi chiqishimiz va uni yengishimiz mumkin», — dedi Abdusalom Azizov.

O‘z navbatida Tojikiston mudofaa vaziri bugungi kunda Afg‘oniston shimolidagi vaziyat xavotir uyg‘otayotganligini va ehtimoliy tahdidga qarshi birgalikda kurashishimiz lozimligini ma’lum qildi.

Video

Foto