Yaqinda Adliya vazirligi saytida OTMlar reytingi kamchiliklar bilan aniqlangani haqida xabar berilgandi. Shuningdek qator OAVda reytngi bekor qilinishi mumkinligi haqida xabarlar chiqqandi. Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiya shu holat yuzasidan bayonot berdi.

Adliya vazirligi rasmiy veb-saytida e’lon qilingan xabarga ko‘ra, Adliya vazirligining taqdimnomasiga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan imzolangan qo‘shma qaror ijrodan qaytarilgan.

Haqiqatdan ham, Adliya vazirligi tomonidan qo‘shma qaror ro‘yxatdan o‘tkazilmaganligi sababli uni ijrodan qaytarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Adliya vazirligining Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga yo‘llagan rasmiy xatida, reyting metodikasi, ko‘rsatkichlariga nisbatan hech qanday e’tirozlar keltirilmagan. Bundan tashqari, bir qator ommaviy axborot vositalari tomonidan reyting natijalari bekor qilinishi bo‘yicha berilgan xabarlar asossiz ekanligini ta’kidlab o‘tmoqchimiz. Shuningdek, Adliya vazirligining rasmiy saytidagi xabarda ham reyting natijalari bekor qilinganligi to‘g‘risida hech qanday ma’lumot berilmagan.

Xabarda berilgan ayrim jihatlarga aniqlashtirish kiritmoqchimiz:

1. «Davlat organlari tomonidan oliy o‘quv yurtlarining rasmiy reytingini belgilash bo‘yicha tegishli normativ-huquqiy bazaning yo‘qligi»

Vazirlar Mahkamasining 29.12.2012y.dagi 371-sonli qarori bilan OTMlarning reytingini hisoblash mezonlari tasdiqlangan bo‘lib, Davlat inspeksiyasi tomonidan hisoblangan reytingning aksariyat indikatorlari aynan shu qarorda mavjud. Shuningdek, ushbu qarorda oliy o‘quv yurtlari faoliyatini baholash mezonlari oliy ta’limni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlarini hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqilishi mumkinligi belgilangan.

Davlat inspeksiyasi yuqoridagi qarorga o‘zgartirishlar kiritishdan oldin, xorijiy tajribani inobatga olgan holda yangi indikatorlarni tajriba-sinovdan o‘tkazish va reytingni hisoblash metodikasini takomillashtirish maqsadida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda qo‘shma qarorni imzolagan. Joriy yilda aniqlangan reyting natijalari tajriba-sinov tariqasida hisoblangan.

2. «Barcha oliy ta’lim dargohlari ham reyting rasman nashr etilgunicha o‘tkazilgan tadqiqot va reyting natijalari haqida xabardor bo‘lmaganligi»

Davlat inspeksiyasi 2018 yil yanvar oyida barcha OTMlarga yangi taklif qilinayotgan reyting indikatorlari haqida ularning fikr-mulohazalari va takliflarini so‘rab murojaat qilgan. Ko‘plab OTMlardan takliflar kelib tushgan. Aprel oyida metodika to‘g‘risidagi ma’lumotlar va indikatorlar rasmiy sayt va Facebookdagi sahifalarda e’lon qilingan.

Reyting natijalarining e’lon qilinishidan 3 hafta avval, Davlat inspeksiyasi tomonidan rasmiy xat bilan har bir OTMga ularga tegishli dastlabki xulosalar tanishish uchun rasman taqdim etilgan va OTMlarga e’tirozlari mavjud bo‘lgan taqdirda asoslantiruvchi hujjatlarni taqdim etish bo‘yicha imkoniyat berilgan.

3. «Reytingda foiz ko‘rsatgichlariga emas, son ko‘rsatgichlariga qaratilganligi»

Davlat inspeksiyasi raqamlarning katta-kichikligiga qarab reyting belgilagani haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Reytingni aniqlashda OTMlar faoliyatidagi yutuqlarning har bir professor-o‘qituvchiga yoki talabaga to‘g‘ri keladigan ulushi (foizda) hisobga olingan.

4. «Tadqiqot bir yoqlama va faqat oliy o‘quv yurtlarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini tahlil etishdan iborat bo‘lib qolgan»

O‘zbekiston OTMlarining Milliy reyting tizimida professor-o‘qituvchilarning ilmiy faoliyatiga 34 foiz, o‘quv-uslubiy ishlar va o‘qitish sifatiga 30 foiz, talabalar bilimi va bitiruvchilar sifatiga 28 foiz, faoliyatda AKTni qo‘llash va moddiy-texnik ta’minlanganlikka 8foiz ajratilgan. Ko‘rinib turibdiki, tadqiqot faqatgina ilmiy-tadqiqot natijalariga asoslanmagan.

OTMlar reytingini belgilashda belgilangan mezonlar xalqaro tajribalarga asoslangan, xususan Times Higher Education, QS World University Rankings, BGU, U-Multi rank kabi xalqaro reyting agentliklarining amaldagi indikatorlariga mos keladigan indikatorlar milliy reytingda ham mavjud. Xususan, quyidagi indikatorlar:

— PhD va DScilmiy darajasiga (fan doktori yoki fan nomzodi) ega professor-o‘qituvchilar ulushi;

— ta’lim berish sifati darajasi (talabalardan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari asosida);

— professor-o‘qituvchilarning darsliklar va o‘quv qo‘llanmalar yaratishi;

— xorijiy o‘qituvchilar va talabalar ulushi;

— almashuv dasturlarida o‘qituvchilar va talabalarning ishtiroki;

— bitiruvchilarning mutaxassisligi bo‘yicha ish bilan ta’minlanishi;

— xalqaro ko‘rsatkichlarga ko‘ra professor-o‘qituvchilarning ishlariga iqtiboslik;

— xalqaro jurnallardagi ilmiy maqolalar;

— xorijiy ilmiy tadqiqot markazlari grantlari va xorijiy ilmiy fondlari buyurtmalari hisobiga olingan mablag‘lar.

Ta’lim muassasalari reytingini aniqlash Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 18 iyuldagi 515-sonli qarori bilan Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga vazifa qilib topshirilgan. Shuning uchun, joriy yilda e’lon qilingan natijalar o‘zkuchida qolishini vatajriba-sinov asosidagi o‘rganish va natijalar asosida Vazirlar Mahkamasining 29.12.2012 y.dagi 371-sonli qarorini takomillashtirish bo‘yicha ishlar olib borilishini ma’lum qilamiz.

Qaror loyihasi yaqin kunlarda umumxalq muhokamasiga qo‘yiladi. Barchani ushbu loyiha bo‘yicha muhokamaga taklif qilib qolamiz.

Bundan tashqari, reyting oliy ta’lim tizimidagi holatni aks ettiruvchi ko‘zgu ekanligini va uning natijalari informativ xarakterda bo‘lishini eslatib o‘tamiz. Reyting natijalari OTMlarga nisbatan chora ko‘rilishini nazarda tutmaydi, ular faqatgina OTMlarga kelgusidagi faoliyatini belgilashga yordam berishi mumkin.