Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanaliga Qashqadaryo viloyati, Shahrisabsz shahrida yashovchi N.Yu.dan quyidagicha savol kelgan: «Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda abituriyentlarga birdaniga bir nechta ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun hujjat topshirish imkonini beruvchi Farmon imzolangani haqida o‘qidim, shu haqda ma’lumot bersangiz».

Javobda aytilishicha, mazkur masala «2019−2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida"gi prezident farmonida nazarda tutilgan.

Farmon bilan tasdiqlangan «Yo‘l xarita"ning 26-bandida aholini oliy ta’lim bilan qamrab olinganlik darajasini oshirish nazarda tutilgan. Buning uchun 2019 yil 1 aprelga qadar tegishli hujjat ishlab chiqilishi lozim.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan ishlab chiqiladigan ushbu hujjatda oliy o‘quv yurtlariga qabul kvotalarni mustaqil ravishda belgilash huquqini berish, birdaniga bir nechta ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun hujjat topshirish imkonini taqdim etish kabi tadbirlar nazarda tutiladi.