Mark Riss — Vashington universitetida Markaziy Osiyodagi turkiy tillar, xususan o‘zbek tili, jadidchilik va islom fiqhi bo‘yicha ta’lim olgan. U 23 yillik umrini Markaziy Osiyoda «Tinchlik korpusi» ko‘ngillisi bo‘lishga bag‘ishlagan. Tarjimon Termiz, Samarqand va Qo‘qon shaharlarida bolalarga ingliz tilidan dars bergan va o‘qituvchilar malakasini oshirish dasturlarida qatnashgan. Ayni paytda AQSHning Tennesi shtati Nashvil shahrida istiqomat qiladi. «Ma'rifat» gazetasida muxbir Shoira Boymurodovaning Mark Riss bilan suhbati e’lon qilindi.

-«O‘tkan kunlar» romanida tasvirlangan qaysi holatlarni tushunishda, qabul qilishda qiynaldingiz? Ya’ni, mentalitetlar orasidagi farqni inobatga olganda sizni o‘ylantirib qo‘ygan holatlar bo‘ldimi?

— Men uchun asarning darajasini baholash mezoni madaniyati, tili yoki u yaratilgan tarixiy davrdan qat’i nazar, buyuk yozuvchi o‘z fikrlarini butun bashariyatga, har birimizga yetkazib bera olishidir. Shuning uchun ham bu jahon adabiyoti deyiladi. Abdulla Qodiriy va Markaziy Osiyoning boshqa ko‘plab ijodkorlari asarlari shu kungacha dunyo adabiyoti durdonalari ro‘yxatiga kirmay keldi.

Qodiriy ana shu marrani bosib o‘ta oldi. Aytishim mumkinki, «O‘tkan kunlar» juda boy va tugal roman bo‘lib, unda G‘arb o‘quvchisi uchun yangilik bo‘lgan turfa xil an’analar tasviri, terminlar va tarixiy davrga xos hikoyalar juda ko‘p. Bu esa ayni paytda yuz berayotgan jarayon — O‘zbekistonni dunyoga yaqindan tanitish borasida ham katta ahamiyatga ega. Tarjimon kimningdir asarini oladi-da, uni boshqa xalqlar o‘quvchilari tushunadigan tilda ifodalaydi. Tarjima bu qandaydir fan sohasi emas, balki muallifning fikrini yetkazib berish san’atidir. Men o‘z o‘quvchilarimiz tushunishlari osonroq bo‘lishi uchun romandagi muhim holatlar bo‘yicha 500 ga yaqin izohlar kiritdim.

Savolingizga kelsak: kundoshlik, xonlik hokimiyati tartiboti, Islom diniga aloqador ba’zi holatlarni tushuntirib berish qiyin bo‘ldi. Eng katta yutug‘im shuki, Qo‘qon va Toshkentda bir necha yil umrguzaronlik qilganman. Ana shunday an’analar va muayyan atamalarni tushuntirishda qiyinchilikka duch kelgan paytlarim juda ko‘p o‘zbek do‘stlarimdan maslahat so‘radim va ular menga yordam berishdi. Ammo, shuni qayd etishni istardimki, romandagi ba’zi holatlarni to‘liq anglab yetish hatto o‘zbeklar uchun ham mushkul, unda ko‘tarilgan masalalar yuzasidan hamon bahslar bo‘ladi.

Qodiriy buni juda yaxshi tushungan, deb o‘ylayman. U shedevr darajasida asar yozish barobarida o‘z davrining muammolarini ochib tashlash maqsadini ham qo‘ygan. Biroq, ta’kidlash joizki, bu yorug‘ olamda barcha insonlarning taqdirlari mushtarak va shu bois ham Qodiriy o‘z asari orqali butun insoniyatga murojaat qilmoqda.

— «O‘tkan kunlar"ni ingliz yoki boshqa xalqlar adabiyotining qaysi asariga mengzagan bo‘lar edingiz?

— Ayni paytda o‘zimni ham o‘ylantirgan juda qiziqarli savol. Menga bu roman Uilyam Folkner va Jeyms Joys asarlarini eslatadi. Har ikki ijodkorning prozasi juda boy va bir o‘qishda anglab yetish murakkab. Bu uch muallif taxminan bir paytda yashab, yangicha g‘oyalar silsilasida ijod qilgan va ayni damda, asarlarida o‘tmishga nigoh tashlab, zamonasining qiyofasi bilan taqqoslaganlar. Ular o‘z davridagi yangilanishlardan rohatlangan, shuhratga ko‘milganlar va shu bilan birga, tanqidlardan ham hayiqmagan.

— Tarjimangiz chop etildimi? Agar shunday bo‘lsa, amerikalik o‘quvchi «O‘tkan kunlar"ga qanday baho bermoqda?

— Biz asarni 2019 yil 11 aprel kuni — Qodiriy tavalludining 125 yilligiga bag‘ishlab chop etish niyatidamiz. Roman elektron kitob shaklida taqdim qilinadi va bundan katta foyda ko‘rishni ham rejalashtiryapmiz.

— O‘zbek adabiyotining boshqa asarlari tarjimasiga qo‘l urish istagingiz bormi? Umuman, ushbu romanni ingliz tiliga tarjima qilish g‘oyasi qanday tug‘ildi?

— Biz o‘zbek adabiyotining go‘zal asarlarini tarjima qilish dasturi uchun grant olish maqsadidamiz. Qodiriyning durdona asaridan so‘ng xayolimga birinchi bo‘lib Oybek qalamiga mansub «Navoiy» romani kelgan. «Muloqot» degan nom ostida o‘zbek asarlariga qiziquvchi yosh tarjimonlarni tayyorlash, yangi-yangi asarlarni kashf qilishga xizmat qiluvchi rasmiy madaniy dastur ochmoqchiman. Bosh maqsad esa boy adabiyotingizni g‘arb o‘quvchisiga tanishtirishdir.

— Qo‘qonda maktab o‘quvchilariga dars o‘tganingiz haqida eshitganmiz. O‘zbek bolalari haqidagi fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.

— Rostini aytsam, boshida ham o‘quvchilar, ham o‘qituvchilardan biroz cho‘chiganman. O‘tgan asrning 90-yillari, og‘ir davrlar edi. Biroq o‘zbekistonlik o‘quvchilar tirishqoqligi, bilimga chanqoqligi bilan meni hayratga solgan. 2017 yil dekabrda Vashingtondagi O‘zbekiston elchixonasida tashkil etilgan marosimda qatnashdim va endi ul¬g‘ayib 30 yoshlarga kirgan, turli universitetlarni tamomlab, Vatani rivoji yo‘lida mehnat qilayotgan ana shu avlodni ko‘rdim. Turli dasturlarni ro‘yobga chiqarayotgan, direktor, huquqshunos, vrach, jurnalist bo‘lib yetishgan bu yoshlarni ko‘rib ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi.

Ammo o‘qituvchilaringiz haqida gapirmasam bo‘lmas. O‘zbekistonda ishlagan davrimda tajriba almashish ikki tomonlama bo‘lgandi. Aslini olganda, o‘zim o‘rgatganimdan ko‘ra, ulardan o‘rgangan jihatlarim ko‘proq. Men bilan birga ishlagan o‘qituvchilarning barini haqiqiy qahramon deb atagan bo‘lardim.