18 sentyabr kuni AQSHning xalqaro diniy erkinlik sohasidagi maxsus topshiriqlar bo‘yicha elchisi Samuel Braunbek boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston musulmonlari idorasiga keldi. O‘MI raisi, muftiy Usmonxon Alimov martabali mehmon bilan muloqot o‘tkazdi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv avvalida muftiy O‘zbekistonda diniy ibodatlarni, ma’raka marosimlarni emin-erkin va tinchlik-osoyishtalikda ado etib kelinayotgani haqida so‘zlab berdi.

Samuel Braunbek o‘tgan vaqt davomida O‘zbekistonda amalga oshirilgan diniy sohadagi ishlarga yuqori baho berdi. Shuningdek, inson haq-huquqlari muqaddas ekani, ayni paytda bu masala mamlakatlar manfaati uchun katta xizmat qilishini alohida ta’kidladi.

Martabali mehmon «Hazrati Imom» majmuasidagi tarixiy obidalar, «Hazrati Usmon Mushafi"ni ziyorat qildi va «Baraqxon» madrasasidagi hunarmandchilik ishlari bilan tanishdi.