18−22 sentyabr kunlari O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari Tojikistonning tog‘li hududlarida shartli terroristik guruhlarni yo‘q qilish bo‘yicha qo‘shma mashg‘ulotlarni o‘tkazadi, deya xabar qildi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Besh kun davomida O‘zbekiston va Tojikistonning 600 nafarga yaqin harbiy xizmatchilari «Chorrux-Dayron» o‘quv markazi va «Nurafshon» poligoni bazasida So‘g‘d viloyatining borish qiyin bo‘lgan tog‘li hududlarida shartli terroristik guruhlarni aniqlash va yo‘q qilish bo‘yicha harbiy o‘quv harakatlarini amalga oshiradi.

16 sentyabr kuni O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari guruhi Tojikistonga bordi.

Eslatib o‘tamiz, avgustda Tojikiston mudofaa vaziri general-polkovnik Sherali Mirzo rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelgan edi. O‘zbekiston mudofaa vaziri Abdusalom Azizov bilan uchrashuv vaqtida u harbiy xizmatchilarni qo‘shma mashg‘ulotlarda ishtirok etishga taklif qilgan hamda harbiy jamoalar o‘rtasida sport va madaniy tadbirlarni o‘tkazish taklifini ilgari surgan edi.

O‘sha vaqtda 2018 yilda harbiy hamkorlik rejasi ham imzolangan.