Jizzax viloyati «Forish» poligonining tog‘li hududlarda O‘zbekiston hamda Fransiya qurolli kuchlari mutaxassislari bilan hamkorlikda harbiy amaliy trening mashqlari tashkil etilmoqda. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Rejaga ko‘ra, tajriba almashuv bilan bog‘liq amaliy mashg‘ulotlarning deyarli barchasi «Forish» poligoni tog‘li hududlarida o‘tkaziladi. Bunda asosiy e’tibor harbiylarning merganlik mahoratini oshirishga qaratilgan.

Fransiyadan kelgan mutaxassislar «Mergan kundaligi» o‘quv qo‘llanmasiga asosan harbiy xizmatchilar bilan 3 bosqichli tayyorlov mashqlarini olib borishmoqda. Unga ko‘ra dastlab harbiylarning merganlik darajasi aniqlab olinadi. Shundan so‘ng ular guruhlarga bo‘linib, o‘z darajasiga ko‘ra ularga alohida mashg‘ulotlar o‘tiladi.

Fransiyalik va o‘zbekistonlik ishtirokchilar bunday tajriba almashish har ikki tomonga ham juda foydali bo‘lib, kelgusida ham shu turdagi birgalikdagi mashg‘ulotlarni davom ettirish yaxshi natija berishiga ishonch bildiryapti.