Samarqand davlat universiteti huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish mintaqaviy markazida mablag‘larning talon-taroj qilingani aniqlandi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabar qildi.

Markaz mansabdor shaxslari 2017−2018 yillar davomida ta’lim jarayoniga jalb qilinmagan o‘qituvchilar tomonidan dars o‘tilganligi to‘g‘risida dars jadvallariga soxta ma’lumotlar kiritib, ushbu ma’lumotlar asosida 9 nafar o‘qituvchilarga o‘tilmagan o‘quv mashg‘ulotlari uchun soxta buyruqlar rasmiylashtirib, 9,2 mln so‘m ish haqlari, shuningdek, markazning 3 nafar rahbar xodimlariga asosiy va o‘tishi mumkin bo‘lgan o‘quv mashg‘ulotlaridan tashqari dars soatlari uchun 7,4 mln so‘m ish haqlarini noqonuniy ravishda to‘lab, jami 16,7 mln so‘m byudjet mablag‘larini talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan markaz xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.