O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Toshkent viloyati Yangiyo‘l tuman tibbiyot birlashmasida o‘g‘irlik fosh etilgani to‘g‘risida xabar qildi.

Bosh prokuraturaning Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti Yangiyo‘l shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida Yangiyo‘l tumani tibbiyot birlashmasi sobiq mexanigi M. birlashma hisobida bo‘lgan jami qiymati 74,4 mln so‘mlik 8 dona Damas rusumli avtomashinalarni hisobdan chiqarilganidan so‘ng, tegishli tartibda birja savdolari orqali sotmasdan, hujjatlarni soxtalashtirish yo‘li bilan noqonuniy sotib yuborgani aniqlangan.

Shuningdek, birlashma mansabdor shaxslari tomonidan davlat byudjeti hisobidan moliyalashtirilgan smetada nazarda tutilmagan 420,5 mln so‘m pul mablag‘lari ortiqcha sarflanib, byudjet va smeta-shtat intizomini buzganliklari holati aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan tuman tibbiyot birlashmasi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.