O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 27 yilligiga bag‘ishlab «O‘zbekiston Yoshlar ittifoqidan 27 tuhfa» sifatida «Yoshlar kutubxonasi» doirasida badiiy kitoblar chop etildi. Bu haqda Yoshlar ittifoqi Multimedia markazi «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Joriy yilda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi tomonidan loyiha uchun 10 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Loyiha doirasida har bir kitob kamida 10 ming nusxada chop etilib, respublikadagi barcha maktab, kollej, akademik litsey va oliy ta’lim muassasalari kutubxonalariga bepul tarqatiladi. 2018 yil oxiriga qadar har bir ta’lim muassasa kutubxonasiga 100 nomdagi badiiy kitoblar yetkazib berilishi rejalashtirilgan.

Loyiha doirasida 2018−2019 yillarda chop etiladigan 200 nomdagi kitoblar ro‘yxati O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi, Matbuot va axborot agentligi, Xalq ta’limi vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari tavsiyasi asosida shakllantirilgan.

2018−2019 yillarga mo‘ljallangan nashr rejasi 200 nomdagi badiiy kitob bo‘lib, jumladan, jahon adabiyotiga oid 65 dona, o‘zbek adabiyotida doir 135 dona nodir asarlar chop etilishi rejalashtirilgan. Bu kitoblarning 45 foizi 20 yoshdan kattalar uchun, 25 foizi 7−14 yoshdagi bolalar uchun hamda 30 foizi, 15−20 yoshdagi o‘smirlar uchun chop etiladi. Qolaversa, badiiy asarlarning50 foizi zamonaviy adabiyot, 15 foizi klassik adabiyot, XX asr adabiyoti esa 35 foizni tashkil etadi.

Ta’lim muassasalari uchun maxsus chop etilgan kitoblar ro‘yxatidan Alisher Navoiyning «Mahbub ul-qulub», O‘tkir Hoshimovning «O‘zbeklar», Shukur Xolmirzayev, «O‘n sakkizga kirmagan kim bor», Odil Yoqubovning «Ulug‘bek xazinasi», Chingiz Aytmatovning «Asrni qaritgan kun», Tog‘ay Murodning «Ot kishnagan oqshom» kabi asarlar o‘rin olgan.