7 sentyabrda Xitoyning Sindao shahrida o‘tkazilayotgan butunjahon sayyohlik shaharlari federatsiyasi (WTCF)ning navbatdagi sammitida Samarqand shahri ilk bor ishtirok etdi. Bu haqda Samarqand viloyati turizmni rivojlantirish departamenti matbuot xizmatiga tayanib «Zarafshon» gazetasi xabar bermoqda.

2012 yilda Pekin shahrida asos solingan mazkur federatsiya o‘tgan olti yil davomida a’zolari sonini 58 dan 202 tagacha kengaytirib, jahon miqyosida turizm sohasidagi yirik tuzilmalardan biriga aylandi. Ayni paytda sayyoramizdagi 66 mamlakat shaharlari federatsiya a’zosi hisoblanadi.

Samarqand shahri mazkur sammitda mehmon sifatida ishtirok etdi va federatsiyaga a’zolik masalasi ko‘rib chiqildi.

Samarqand viloyati hokimining turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B.Nurullayev shaharning sayyohlik salohiyati, sohani rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. B.Nurullayev o‘z taqdimoti yakunida WTCFning 2021 yilgi sammitini Samarqand shahrida o‘tkazish taklifini bildirdi.

Federatsiya sammiti har yili o‘tkazilsa-da, ikki yilda bir marta Xitoy shaharlari mezbonlik qiladi. 2019 yilgi sammitni Helsinki shahrida, 2020 yilda esa yana Xitoyda tashkil etish rejalashtirilgan.