Yaqinda Samarqand shahrida muqaddam o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etib, yashirinib yurgan tojikistonlik Qobilbek Samandarov (ism-familiyalar o‘zgartirildi) huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi raisining o‘rinbosari O‘tkir Mamadaliyev «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

1985 yilda Panjikent shahrida tug‘ilgan, o‘zbek millatiga mansub Q. Samandarov 2011—2014 yillarda tergov jarayonida aniqlash imkoni bo‘lmagan yo‘llar bilan qo‘lga kiritgan ko‘p miqdordagi «opiy» giyohvandlik vositasini Urgut tumanida yashovchi bir guruh shaxslar bilan oldindan o‘zaro jinoiy til biriktirib, O‘zbekistonga olib o‘tish bilan shug‘ullanib kelgan.

Q. Samandarov jinoiy sheriklari bilan o‘zaro aloqani mustahkamlash maqsadida qonunchilik asosida o‘rnatilgan talablarni qo‘pol tarzda buzgan. Aniqroq aytganda, Q. Samandarov shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz, chegara nazorat postlarini chetlab o‘tib, Urgut tumani hududi orqali O‘zbekistonga kirib kelgan.

Sudlanuvchi Q. Samandarov 2012 yilning boshlarida Urgut tumani «Qatag‘on» qishlog‘ida yashovchi G‘. Asrorov hamda dastlabki tergovda shaxsini aniqlash imkoni bo‘lmagan «Zayni» ismli shaxslar bilan ko‘p miqdordagi «opiy» giyohvandlik vositasini O‘zbekiston Respublikasiga kontrabanda qilish bo‘yicha jinoiy reja tuzadi.

Q. Samandarov «Zayni"dan 40 kilogramm «opiy» giyohvandlik vositasini har bir kilogrammini 900 AQSH dollaridan sotib oladi.

Shundan so‘ng u bu giyohvandlik vositasini chegara nazorat postlarini chetlab, sim to‘siqlar ostidan o‘tib kelgan G‘. Asrorovga Panjikent tumanining Yamonqiya qishlog‘i hududida har bir kilogrammini 1 000 AQSH dollaridan sotib yuboradi. O‘z navbatida, G‘. Asrorov 40 kilogramm giyohvandlik vositasini kelgusida sotish maqsadida mamlakatimizga kontrabanda yo‘li bilan olib kiradi.

Shuni qayd etish kerakki, giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullanayotgan jinoiy guruh a’zolari huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimlari tomonidan ta’qib qilinayotganini sezgach, G‘. Asrorov 2012 yilning 18 aprel kuni uyining og‘ilxonasida saqlab kelayotgan 41 kilogramm 31,52 gramm «opiy» giyohvandlik vositasini qarindoshi M. Yormamatovaning uyi bolaxonasiga yashirib qo‘yadi.

Ma’lumki, huquqni muhofaza qiluvchi idora tomonidan jinoiy qilmish to‘g‘risida shubha-gumon tug‘ildimi yoki ma’lumot olindimi, albatta, o‘rganib chiqiladi. Huquqni muhofaza qiluvchi idoraga xabar kelgach, G‘. Asrorovning uyida ham tintuv o‘tkazildi. Biroq jinoyatga aloqador biron-bir ashyo topilmadi. Faqat G‘. Asrorov vijdoni qiynaldimi yoki boshqa sababmi, kutilmaganda qilmishini tan oldi. Giyohvandlik vositasini qarindoshining uyiga yashirib qo‘ygani va bu zahri qotilni ixtiyoriy ravishda taqdim qilishini aytdi. Shu tariqa huquqni muhofaza qiluvchi idora tomonidan M. Yormamatovaning uyi bolaxonasidan ikkita polietilen qopga solingan 41 kilogramm 31,52 gramm giyohvandlik vositasi tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi.

Mazkur jinoyat ishi yuzasidan o‘tkazilgan sud majlisida guvoh O. Berdiqulov bergan ko‘rsatma jinoiy guruhning kirdikorlari naqadar og‘ir ekanligiga to‘liq oydinlik kiritadi. Bu jinoiy qilmishlar ham o‘sha 2012 yilning yoz oylarida sodir etilgan.

Q. Samandarov «Furqat» ismli shaxs bilan birga O. Berdiqulovning uyiga uch marotaba 10 kilogrammdan «opiy» giyohvandlik vositasini olib kelib bergan. O. Berdiqulov esa, bu giyohvandlik vositasini sotib, pulini Q. Samandarovga bergan.

— Oradan ikki yil o‘tgach, tasodifan bozorda Q. Samandarovga duch kelib qoldim, — deydi O. Berdiqulov. — Adashmasam, 2014 yilning 20 yanvar kuni edi. Qobilbek menga yaqinda 30 kilogramm «opiy» yuborishini, uni uyimda vaqtincha saqlab turishim lozimligini, telefon orqali kimga topshirishimni aytishini bildirdi.

O. Berdiqulov avvaliga qo‘lga tushib qolishdan qo‘rqib, og‘ufurushning taklifini rad etadi. Q. Samandarov esa, unga bir paytlar bergan 5 ming AQSH dollari qarzini eslatadi. «Agar taklifimga rozi bo‘lsang, qarzimdan kechib yuboraman,» deydi u.

Xullas, 2014 yilning 11 mart kuni yarim tunda 30 kilogramm «opiy» qishloq chekkasidagi hovuz bo‘yiga olib kelinadi. Ammo jinoyatchilar o‘zlarining maqsadiga yetolmaydi. Nega deganda, huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimlari «yuk» bilan birga O. Berdiqulovni ham jinoyatga aloqadorligi uchun qo‘lga oladi.

Navbatdagi guvoh S. Karimqulovning suddagi ko‘rsatmasi bilan tanishgan kishi Q. Samandarov va uning urgutlik gumashtalari narkobiznes ortidan jamiyatga, inson sihat-salomatligiga og‘ir zarar yetkazganiga ishonch hosil qiladi.

Aniqroq aytganda, Q. Samandarov bilan S. Karimqulovning o‘zaro jinoiy kelishuvi tufayli O‘zbekistonga katta miqdordagi giyohvandlik moddasi olib kiriladi. 2011 yilning fevral oyidan 2012 yil avgust oyiga qadar Q. Samandarov O‘zbekiston hududiga sakkiz marotaba 10 kilogrammdan «opiy» giyohvandlik vositasini o‘tkazgan. S. Karimqulov har bir kilogramm giyohvandlik vositasi uchun Q. Samandarovga 1300−1500 AQSH dollari bergan, uning o‘zi esa, zahri qotilning har bir kilogrammi ustiga 300−500 AQSH dollari qo‘yib, tanishlariga sotgan.

S. Karimqulovning yaqin qarindoshi Dilshod ham tekin daromad desa, o‘zini tomdan tashlaydiganlardan edi. Shu bois u Salohiddinga giyohvandlik vositalari oldi-sotdisiga o‘zini sherik qilib olishni iltimos qiladi. Shu tariqa D. Karimqulov ham oxirini o‘ylamay dunyoda xatarli ajal nomini olgan «opiy» giyohvandlik vositasi oldi-sotdisiga aralashib qoladi.

Voqea tafsilotiga to‘xtaladigan bo‘lsak, ikki qarindosh go‘yoki o‘ljasini poylab yotgan o‘g‘ri mushukdek chegara tomonga ko‘z tikib turgan Q. Samandarov bilan 2012 yilning 9−10 oktyabr kunlari 20 kilogramm «opiy» giyohvandlik vositasini kontrabanda qilish haqida o‘zaro kelishishadi. Oradan to‘rt kun o‘tib, ana shu «yuk» chegaradan o‘tkazilayotgan paytda chegara posbonlarining hushyorligi tufayli jinoyat fosh bo‘ladi. D. Karimqulov qo‘lga olinadi. Talvasaga tushgan Q. Samandarov esa, qochib ketadi.

2017 yilning 21 iyul kuni «Bekzod» ismli shaxs huquqni muhofaza qiluvchi idoraga tojikistonlik Q. Samandarov ko‘p miqdordagi «opiy» giyohvandlik vositasini Samarqand viloyati hududida sotib berishni iltimos qilib, giyohvandlik vositasi turgan joyni ma’lum qilgani haqidagi ariza bilan murojaat qiladi. Shundan so‘ng huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimlari tomonidan Samarqand shahar «SamRafoattekstil» mas’uliyati cheklangan jamiyati binosi atrofidagi tashlandiq hududdagi beton plita osti ko‘zdan kechirilganda, bir dona qora rangli sellofan paket borligi aniqlanadi.

Sellofan paket ochib ko‘rilganda uning ichida 4 kilogramm 260,94 gramm «opiy» giyohvandlik vositasi borligi ma’lum bo‘ladi.

Surushtiruv va dastlabki tergovda ayon bo‘ldiki, beton plita ostiga qo‘yilgan giyohvandlik vositasi «qahramonimiz"ning navbatdagi jinoiy qilmishi ekan.

Taqiqlangan zahri qotil kontrabanda yo‘li bilan O‘zbekistonga olib o‘tilgan.

Aniqroq qilib aytganda, Q. Samandarov dastlabki tergovda aniqlash imkoni bo‘lmagan «Rais» ismli shaxs bilan Tojkistondan O‘zbekiston Respublikasiga giyohvandlik vositalarini kontrabanda qilib daromad olish yuzasidan jinoiy reja tuzgan. Ushbu rejaga ko‘ra, «Rais» o‘zida mavjud bo‘lgan «opiy"ning har bir kilogrammini 3 ming AQSH dollaridan jinoiy sheriklari orqali Samarqand shahriga yetkazib berishi, Q. Samandarov esa, tanishlari orqali uning savdosini amalga oshirishi lozim edi. Q. Samandarov xuddi shu maqsadda Urgut tumanida yashovchi «Shavkat» ismli shaxsga qo‘ng‘iroq qilib giyohvandlik vositalarini sotib berishni so‘ragan. Xorij fuqarosi va urgutlik og‘ufurushlar faoliyatiga shu tariqa chek qo‘yildi.

Tergovda va sudda har bir holatga to‘liq oydinlik kiritildi. Yuqorida keltirilgan voqea tafsilotlaridagi Q. Samandarov bilan jinoiy til biriktirib, giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullangan kimsalar o‘z vaqtida sudning qora kursisida o‘tirib, qonun oldida javob berishgan. Ayrimlari qamoq jazosini o‘tab qaytishgan. Ba’zilari hamon temir panjara ortida umrini kun sanab o‘tkazmoqda.

Sud sudlanuvchi Q. Samandarovni Jinoyat kodeksining 223-moddasi 2-qismi «b», «v» bandlari, 246-moddasi 2-qismi va 273-moddasi 5-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topdi. Unga nisbatan ayblangan har bir modda bo‘yicha alohida-alohida jazo tayinlab, Jinoyat kodeksining 59-moddasiga asosan tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan 18 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish to‘g‘risida hukm chiqardi.

Jazoning muqarrarligi ta’minlandi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, o‘zgalar hayoti, osoyishta turmushiga raxna soluvchi og‘u — giyohvandlik vositalarini pullash evaziga mo‘may daromad orttirishga uringanlar muqarrar qonuniy jazoga tortiladi. Shunday ekan, umrning har bir lahzasini g‘animat bilib, halol mehnat evaziga umrguzaronlik qilish xonadonimizga fayz, ro‘zg‘orimizga qut-baraka baxsh etishini doimo yodda tutaylik.