Yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan jamoat transportiga bo‘lgan talab ham ortdi, bu esa transport xizmati xavfsizligi, sanitariya talablariga to‘liq amal qilishni taqozo etishini inobatga olib «Toshshahartransxizmat» AJ rahbarining maxsus buyrug‘i chiqarildi. Unda xizmat sifatini yaxshilash bo‘yicha barcha me’yorlar belgilab berilgan. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar berdi.

«Toshshahartransxizmat» AJ tomonidan o‘rganishlar jarayonida tizim faoliyatida o‘z yechimini kutayotgan masalalar borligini ko‘rsatdi. Xususan, jamiyat rahbari boshchiligidagi guruh joriy yilning 6 sentyabr kuni bir necha tanlov asosida 1, 5, 12 avtosaroylardan erta tonga yo‘nalishga chiqayotgan avtobuslarni o‘rganganda ularning aksariyati texnik nosozligi, antisanitariya holatdaligi, haydovchilar maxsus kiyimda emasligi, chiptachilarning ish vaqtida o‘z joyida yo‘qligi kabi qator kamchiliklar aniqlandi.

Ushbu masala «Toshshahartransxizmat» AJda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda atroflicha muhokama etildi.

Yuqoridagi kabi kamchiliklarga barham berish, avtosaroylar rahbar va mas’ul shaxslarini xushyorlikka chaqirish, o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashishga undash maqsadida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 1, 5 hamda 12-avtosaroy navbatchi mexaniklari o‘z vazifasidan ozod etildi. Mazkur korxona rahbarlariga xayfsan e’lon qilindi.

O‘rganishlar muntazam davom ettirilmoqda.