Qirg‘izistonning Cho‘lpon-Ota shahrida bo‘lib o‘tayotgan Butunjahon ko‘chmanchi xalqlar o‘yinlarida aba gyuleshi (Turkiya kurashi) bo‘yicha o‘tkazilgan bahslarda Alisher Xudoyberdiyev (-80 kg) oltin, Islom Nosirov mutlaq vazn toifasida bronza medalini qo‘lga kiritdi. Gyulesh (Azarbayjon kurashi) bo‘yicha o‘tkazilgan o‘yinlarda esa Sherali Shodmonov (-80 kg) bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Shuningdek, kecha, 6 sentyabr kuni o‘tkazilgan ko‘pkari bo‘yicha yarim final bahslarida O‘zbekiston terma jamoasi Qozog‘iston jamoasi ustidan 5:4 hisobida g‘alaba qozonib, final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Final bahslari bugun, Toshkent vaqti bilan 17:00da Cho‘lpon-Ota shahridagi «Ippodrom» arenasida o‘tkaziladi va unda O‘zbekiston vakillari mezbon Qirg‘iziston jamoasi bilan bellashadi.

7 sentyabr kuni o‘zbekistonlik sportchilar kurash va sambo turlari bo‘yicha ham bahslarga kirishishdi va dastlabki natijalar qayd etildi. Kurash bo‘yicha jamoa a’zolari Muhriddin Tilovov (-66kg) va Temurxon To‘rayev (-81 kg) o‘yinlarning oltin medalini qo‘lga kiritdi.