Poytaxt hududida tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash, xorijiy investitsayalarni keng jalb qilish hamda davlat va xususiy sherikchilikni rivojlantirish maqsadida Toshkent shahar hokimligida navbatdagi «Ochiq eshiklar kuni» o‘z ishini boshladi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirning birinchi kunida Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek, Mirobod, Yakkasaroy va Yunusobod tumanlaridan tashrif buyurgan mahalliy tadbirkorlar va xorijiy investorlar o‘z loyihalari bilan ishtirok etishdi.

Toshkent shahar hokimi v. b. Jahongir Ortiqxo‘jayev loyihalar bilan tanishar ekan, loyihalarning, avvalo xalqqa xizmati qilishi, ularning roziligi bilan amalga oshirish lozimligini ta’kidladi.

Mazkur loyihalar ijtimoiy soha ob’ektlari, xususan zamonaviy mehmonxonalar, savdo va ko‘ngil ochar maskanlar, ko‘p qavatli avtoturargohlar hamda yangi uy-joy komplekslarni barpo etishni ko‘zda tutadi.

Uchrashuvda umumiy qiymati 5,6 trln so‘m, shundan xorijiy sarmoyalar 625 million dollar bo‘lgan va 55 790 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan 47 ta loyihalar taqdim etildi.

«Ochiq eshiklar kuni» 7−8 sentyabr kunlari davom etadi, unda poytaxtning qolgan tumanlaridan investorlar ham ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.