Bugun O‘zbekiston milliy terma jamoasi Suriyaga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushadi. Kecha «Milliy» stadion anjumanlar zalida har ikki terma jamoa bosh murabbiylari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Anjumanning birinchi qismida O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper va sardor Odil Ahmedov ishtirok etdi.

Bosh murabbiy Ektor Kuper 22 avgust kuni boshlangan yig‘in avvalo futbolchilarni inson sifatida o‘rganishdan boshlaganini, shu jamladan O‘zbekiston milliy terma jamoasining oldingi o‘yinlari bilan tanishganini bildirdi va hozirgi tarkib Suriya va Eron o‘yinlari uchun yig‘ilgan bo‘lib, keyingi o‘yinlarda tarkibga yangi o‘yinchilar ham jalb qilinishi ehtimoldan xoli emasligini ta’kidladi.

«Men terma jamoadagi mengacha ishlagan barcha murabbiylarning ishini hurmat qilaman. O‘yinchilarimiz texnik jihatdan juda ham yaxshi holatda. Mashg‘ulotlar jarayonida global o‘zgarishlar qilganimizcha yo‘q. Shu sabab ham birinchi o‘yindanoq mo‘’jizalar kutmasligingizni so‘rayman», dedi Ektor Kuper.

Shuningdek bosh murabbiy MTJda o‘zgarishlar qachon ko‘zga tashlanishi haqida ham fikrlarini bildirib o‘tdi. «Terma jamoa o‘yinidagi o‘zgarishlar eng kamida bir oydan so‘ng ko‘zga tashlanishiga umid qilyapman. Men o‘yinchi tanlashda eng avvalo jismoniy holatiga e’tibor beraman. O‘z klubida yaxshi to‘p surayotgan barcha o‘yinchilarni kuzatishga harakat qilaman».

Argentinalik murabbiy qo‘ygan talablari O‘FA tomonidan bajarilayotganini bildirib, futbolchilarni vatanparvarlikka chaqirdi. «O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomoniga men tomonimdan qo‘yilgan barcha talablar ijobiy qondirib kelinmoqda. Men imkoniyatlarimdan kelib chiqqan holda harakat qilaman va ayrim kamchiliklar yuzaga keladigan bo‘lsa, buni bahona qilib ish uslubimni o‘zgartirmayman. Lekin shu kungacha hech qanday kamchilik kuzatilgani yo‘q. Futbolchilarga aytadigan eng birinchi gapim, Vataningizni va terma jamoangizni doimo seving!»

Ektor Kuper shuningdek Osiyo o‘yinlarida ishtirok etgan futbolchilarni MTJga chaqirish borasidagi savolga ham javob berdi. «Biz asta-sekin barcha o‘yinchilarni, jumladan Indoneziyadagi Osiyo o‘yinlarida qatnashgan futbolchilarni ham o‘rganamiz va imkoniyatlarini chamalab kerak bo‘lsa terma jamoaga taklif etamiz. Osiyo o‘yinlarida qatnashgan futbolchilarning ayrimlargi terma jamoani kuchaytira olish salohiyatiga ega».