O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Toshkent Savdo, xizmat ko‘rsatish va xalq iste’mol tovarlari ishlab chiqarish departamenti hamda «Bek to‘pi» va «O‘rikzor» bozorlari, «Chorsu» va «Chilonzor» buyum bozorlari, «Eski jo‘va», «Yunusobod» dehqon bozorlari va Sergeli avtobozori mutasaddi rahbarlariga nisbatan jinoiy ishni tergov qilmoqda.

Bosh prokuraturadan «Gazeta.uz"ga xabar qilinishicha, iqtisodiyot asoslariga qarshi jinoyatlar sodir etgani uchun avgustda yettita bozor rahbarlariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Jumladan:

  • sifatsiz mahsulotlarni sotib olish va ularning buzilishiga yo‘l qo‘yish orqali davlatga 27,7mlrd so‘mlik zarar yetkazish;
    bozorlar hududida pulli xizmatlarni ko‘rsatishdan tushgan 3 mlrd so‘mdan ziyod mablag‘larni inkassatsiya qilmasdan o‘zlashtirish;
  • aniqlashtirilmagan va noqonuniy qurilmalar (omborlar va yengil konstitutsiyalar) faoliyatidan tushgan 2 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘larni o‘zlashtirish;
  • savdo nuqtalari faoliyatidan tushgan ijara to‘lovlarini topshirmaslik yo‘li bilan 1 mlrd so‘mdan ortiq davlat mablag‘larini talon-taroj qilish;
  • savdo nuqtalarini sotishda tadbirkorlardan 2 dan 5 ming dollargacha miqdoridagi noqonuniy mukofot pullarini olish.

Shu munosabat bilan Departament va bozorlar mutasaddi shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi bo‘yicha ayblov e’lon qilindi. Ularga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

800 mln so‘mga yaqin zararni qoplagani uchun «Yunusobod» bozori rahbarlari O.Mustayev va B. Yusumov hamda 3,9 mlrd so‘mlik zararni qoplagan «Toshkent oziq-ovqat zaxira» DUK direktori R.Rasulovga nisbatan ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Tergov jarayoni davom etmoqda.