Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon O‘zbekistonning bir guruh davlat arboblari, ilm-fan, ta’lim va madaniyat vakillariga Tojikiston davlat mukofotlarini topshirdi, deya xabar qildi Tojikiston prezidenti matbuot xizmati.

Mukoftlar ikki davlatlar o‘rtasida madaniy-ma’rifiy, insonparvar hamda tojik va o‘zbek xalqlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni rivojlantirishda qo‘shgan hissalari uchun taqdim etildi.

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 2-darajali «Ismoil Somoniy» ordeni bilan taqdirlandi. Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev 1-darajali «Sharaf» ordeni bilan mukofotlandi.

Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Zokirjon Almatov, Suv xo‘jaligi vaziri maslahatchisi Ismoil Jo‘rabekov, Samarqanddagi tojik milliy madaniyat markazi rahbari Abduvahob Vohidov, «Ovozi tojik» gazetasi bo‘lim mudiri To‘xtamish To‘xtayev hamda BuxDU professori Tavakkal Choriyev «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlandi.

Shuningdek, madaniy aloqalarni mustahkamlashda qo‘shgan hissalari uchun qo‘shiqchi Sherali Jo‘rayev hamda O‘zbekiston milliy maqom san’ati markazi «Ustoz-shogird maktabi» bo‘limi katta ilmiy xodimi Mavluda Xalilova Tojikiston xalq artisti faxriy unvoni bilan taqdirlandi.

Eslatib o‘tamiz, 29 avgust kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Tojikistonning bir guruh davlat va jamoat arboblari, madaniyat, ilm-fan va sog‘liqni saqlash sohalari vakillarini mukofotlash to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi.