«Zarafshon» konsert zalida O‘zbekiston mustaqilligining yigirma yetti yilligiga bag‘ishlangan «Eng ulug‘, eng aziz» tanlovining g‘olib va sovrindorlariga mukofotlar topshirildi.

Mazkur tanlov O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, «Tasviriy oyina» ijodiy uyushmasi, Yozuvchilar uyushmasi, Milliy teleradiokompaniya, «O‘zbekkino» Milliy agentligi, Badiiy akademiya, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi hamda Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan o‘tkazildi.

«Eng ulug‘, eng aziz» tanlovi quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha o‘tkazildi:

— yozuvchi va shoirlarning badiiy asarlari;

— bosma ommaviy axborot vositalari xodimlarining maqolalari;

— ommaviy axborot vositasi sifatida davlat ro‘yxatiga olingan veb-saytlar xodimlarining jurnalistik ishlari;

— televideniye va radio ijodkorlarining materiallari;

— tasviriy san’at, foto asarlari va dizayn ishlari;

— kino san’ati asarlari.

Internet jurnalistika yo‘nalishi bo‘yicha Daryo.uz saytining Namangan viloyati bo‘yicha muxbiri Azizbek Abduvaliyev birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.