2018 yil 28 avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi va xalq deputatlari Sergeli tuman Kengashining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda senatorlar, deputatlar, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari, mahalla raislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining matbuot xizmati xabar berdi.

Majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev olib bordi.

Ta’kidlanganidek, 2017−2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili"da amalga oshirishga oid Davlat dasturining ijrosi doirasida barcha darajadagi davlat hokimiyati organlari zimmasiga Sergeli tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qator muhim vazifalar yuklatilgan.

Qo‘shma majlisda mas’ul vazirlik va idoralar hamda Toshkent shahar, Sergeli tumani hokimliklari rahbarlarining prezident tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosi yuzasidan chora-tadbirlar haqidagi axborotlari eshitildi, shuningdek tumanda sog‘lom ovqatlanishni tashkil qilish va aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning ahvoli to‘g‘risidagi masala ham muhokama qilindi.

So‘zga chiqqanlar ta’kidlaganidek, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining joriy yil 15 avgustdagi «Toshkent shahrida investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha eksperimentni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoniga muvofiq Hukumat, vazirliklar, idoralar va shahar hokimligi zimmasiga poytaxtning investitsiyalar jalb etuvchanligini oshirish bo‘yicha qator muhim vazifalar yuklatildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati xalq deputatlari Toshkent shahar va tumanlar Kengashlariga Toshkent shahri va tumanlari ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyati ustidan samarali deputatlik nazoratini tashkil etish va amalga oshirish masalasida ko‘maklashishi ham nazarda tutilgan.

Majisda ta’kidlaganidek, tumanda 4 ta sektor kesimida Respublika ishchi guruhi tomonidan tumanning 39 ta mahallasida aniqlangan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda. Ular bandlikni ta’minlash va yangi ish o‘rinlari yaratish, ta’lim, sog‘liqni saqlash, uy-joy kommunal xizmatlar ko‘rsatish, bo‘sh turgan bino va yer uchastkalarining aniq manzilli ro‘yxatini shakllantirish, obodonlashtirish va yo‘llarni ta’mirlash, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish kabi sohalarga taalluqlidir.

Majlis ishtirokchilariga 2018 yilda Sergeli tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida jami 605,7 mlrd. so‘mlik 87 ta loyiha amalga oshirilishi, ushbu loyihalar hisobiga 1840 ta yangi ish o‘rni yaratilishi va 200,0 mln. dollar miqdorida xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilishi rejalashtirilgani haqida axborot berildi.

Tumanning 2018−2019 yillar xorijiy investitsiya dasturiga 13 ta loyixa kiritilgan bo‘lib, ularning umumiy qiymati 490,3 mlrd. so‘mni, shu jumladan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar miqdori 39,6 mln. dollarni tashkil etadi. Ushbu loyihalar asnosida 1139 ta yangi ish o‘rni yaratilishi belgilangan. Bugungi kunda 424 ta ish o‘rni tashkil etilib, qariyb 9 mln. dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi.

Ma’lumki, Sergeli tumanida metro liniyasi, 150 ta ko‘p qavatli uy qurilishi jadal olib borilmoqda. Xususan, «Choshtepa» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 30 gektar yer maydonida shu yilning oxirigacha bitkazilishi mo‘ljallangan, har biri 70 ta xonadondan iborat 60 ta 7 qavatli uy qurilishi davom etmoqda. Ushbu qurilayotgan uylar yaqinidagi hududda zamonaviy sport maydonchalari, bolalar o‘yingohlari, maktab, maktabgacha ta’lim muassasalari, tibbiyot, dam olish maskanlari, kutubxona, maishiy xizmat ko‘rsatish majmualari bunyod etiladi. Bu ham tumanni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishda, aholining turmush farovonligi darajasini yuksaltirishda va madaniy xordiq chiqarish uchun sharoitlar yaratishda o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.

Vakillik organlari faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida mahalla rolini yanada oshirish hamda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan «Obod mahalla», «Yoshlar kelajagimiz», «Har bir oila — tadbirkor», «Aholi bandligiga ko‘maklashish» kabi davlat dasturlarini tatbiq etish vazifalarini bajarishga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, qo‘shma majlisda to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar tartibli o‘tkazilishini deputatlar va keng jamoatchilik tomonidan nazorat qilish masalasi muhokama qilindi.

So‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi tomonidan xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlarida bunday tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish masalalari bo‘yicha komissiyalar tuzish to‘g‘risidagi qarorning mazmun-mohiyati, tumanda namunali oilaviy tadbirlar o‘tkazilishini tashkil etish, ortiqcha dabdabalikka, milliy qadriyatlarga zid marosimlarga, nomaqbul odatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida fikr yuritdilar.

Majlisda muhokama qilingan masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi va xalq deputatlari Sergeli tuman Kengashining qo‘shma qarori qabul qilinib, unda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ijrosini parlament, deputatlar va jamoatchilik tomonidan nazorat qilish choralari nazarda tutilgan.