«Aurum» tungi klubining janjal vaqtida sportchi Jamshid Kenjayevni o‘ldirib qo‘ygan qo‘riqchilari rasman ishga joylashmagan. Klub ma’muriyati ularga ish jarayonida to‘qmoq va pichoqlar bilan qurollanishga ruxsat bergan. Bu haqda «Toshkent» telekanalining «Poytaxt-vaziyat» dasturida ma’lum qilindi.

Dastur ma’lumotlariga ko‘ra, 8 avgust kuni taxminan 21:00 atrofida Jamshid Kenjayev China Town kafesiga keladi va bu yerda tanishining tug‘ilgan kunida spirtli ichimlik ichadi. Shundan so‘ng 23:30 larda u «Aurum 898» tungi klubiga boradi.

Binoga kirishda qo‘riqchilar uning yonida pichoq borligini aniqlaydi. Sportchini binoga kirishiga ruxsat bermagach, Jamshid oshxona pichog‘i bilan Sherali Ilyosov va Abdurasul Mirzayevga zarba beradi.

Janjal vaqtida qo‘riqchi yordamchisi Shodali Qilichev Kenjayevning qo‘lidan pichoqni tortib olib, unga bir necha marta zarba beradi. Qo‘riqchilar Jahongir Yorqulov, Saidazim Kamoliddinov, Alijon Hamroyev va yana bir necha kishi sportchiga qo‘llari, oyoqlari va yog‘och to‘qmoqlar bilan zarba beradi.

Oqibatda jabrlanuvchi tibbiy yordam ko‘rsatilganiga qaramasdan 7- sonli shahar klinik shifoxonasida hayotdan ko‘z yumadi.

Toshkent prokuraturasi O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 97- moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi va 277- modda 2-qismi (Bezorilik, sovuq qurol yoki kishining sog‘ligi uchun amalda shikast yetkazishi mumkin bo‘lgan narsalarni (qurol sifatida) namoyish qilib, ularni qo‘llash bilan qo‘rqitib yoxud qo‘llab) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi.

Dasturda qayd etilishicha, Toshkent prokuraturasi va ichki ishlar organlari xodimlari hodisani jamoatchilik bilan muhokama qildi. Qo‘riqchilardan birining aytishicha, Jamshid Kenjayev yerga yiqilgandan keyin ham qo‘lidan pichoqni qo‘yib yubormagan. «Biz qo‘rqdi deb o‘yladik, turayotganda u yana pichoq bilan zarba berdi. Shundan keyin men pichoqni oldim va bosh sohasiga bir necha zarba berdim», — dedi mojaro ishtirokchisi.

«U hammangni o‘ldiraman, deb baqirdi. Uning qo‘lidan pichoqni olish imkonsiz edi. Jamshid yerga yiqilganidan keyin men undan pichoqni tortib oldim. Pichoqni qayerga sanchganimni bilmayman, shok holatida edim. Bo‘lib o‘tgan ishlardan afsusdaman», — dedi boshqa qo‘riqchi.

Poytaxt prokuraturasi vakili Bobir Dehqonov agarda qo‘riqchilar Kenjayevni qurolsizlantirishganida va uni huquqni muhofaza qilish organlariga topshirishganida, ular taqdirlanishardi, dedi.

«Xodimni tungi klubga ishga olishdan oldin unga xizmat vazifasini bajarish tartiblari, u qanday harakatlarni qila olishi ko‘rsatilgan qo‘llanmani taqdim etish kerak. Bu holatda qo‘riqchilar nimani xohlashsa shuni qilishgan», — dedi prokuror.

Ma’lum bo‘lishicha, qo‘riqchilar «Aurum 898"da noqonuniy ishlashgan va kuniga 60 ming so‘mdan olishgan. Bundan tashqari, ularga tungi 3:00 ga qadar ishlaydigan muassasada xizmat faoliyatini olib borishda to‘qmoq, pichoq va boshqa vositalardan foydalanishga ruxsat berilgan, deyiladi ko‘rsatuvda.

Toshkent prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Farhod Boboniyozovning ma’lum qilishicha, jinoiy ish doirasida «Aurum 898» faoliyati ham tekshirilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, sovuq qurol olib yurgani va mast holatda janjal keltirib chiqargani uchun Jamshid Kenjayev harakatlariga huquqiy baho beriladi va qonuniy qaror qabul qilinadi.