Namangan viloyati Chust tumani Davlat soliq inspeksiyasi rahbar xodimlari mahalliy tadbirkordan uning do‘konida soliq tekshiruvlarini o‘tkazmaslik uchun 300 dollar talab qilgan. Bu haqda O‘zbekiston IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar qildi.

Chustda 2013 yildan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan do‘kon egasi X.X Namangan viloyat IIB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limiga DSI xodimlari G. B. va T.N. ustidan shikoyat qiladi.

Mazkur arizaga asosan Namangan viloyati IIB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi hamda Namangan viloyati prokuraturasi xodimlari hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Chust tumani DSI bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlovchi T.N. tuman DSI binosida fuqaro X.X.dan 300 AQSH dollarini olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Ushbu holat yuzasidan Namangan viloyati prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, T.N. qamoqqa olingan. Shuningdek, uning jinoiy sheriklariga nisbatan ham tergov harakatlari olib borilmoqda.