21 avgust kuni Osiyo o‘yinlarining uchinchi kun musobaqalari bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator sportchilar O‘zbekiston sharafini himoya qildi. Kun yakunlariga ko‘ra uch nafar sportchi sovrindorlar qatoridan o‘rin oldi.Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Og‘ir atletikaning -62kg vazn toifasida supachaga ko‘tarilgan Adhamjon Ergashev musobaqa yakuniga ko‘ra umumiy hisobda 298 kg toshni o‘ziga bo‘ysundirdi va bronza medali sohibiga aylandi.

Taekvondo bellashuvlarida +67kg vazn toifasida Svetlana Osipova Eron hamda Kombodja vakillarini mag‘lubiyatga uchratib, yarim finalgacha yetib bordi. Final ostonasida kechgan bahsda esa u qozog‘istonlik Deniz Kaneselga yutqazib qo‘ydi va bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Erkaklar o‘rtasidagi bahslarda esa +80kg vazn toifasida Dmitriy Shokin Hindiston hamda Iordaniya sportchilarini mag‘lub etib, finalgacha yetib bordi. Oltin medal uchun kechgan jangda esa eronlik Sayid Rajabiga imkoniyatni boy berdi va yakunda kumush medal bilan kifoyalandi.

Shu tariqa, O‘zbekiston sport delegatsiyasining XVIII Osiyo o‘yinlaridagi medallari soni 10 taga yetdi. Uchinchi kun yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston sportchilari 1 ta oltin, 3 ta kumush va 6 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan.