O‘zbekiston IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi 20 avgust kuni Bekoboddan Toshkentga harakatlanib kelayotgan hukumat avtomobili bilan ro‘y bergan yo‘l-transport hodisasi bo‘yicha rasmiy xabarni tarqatdi.

Unga ko‘ra, 20 avgust kuni 9:30 larda haydovchi B.Saidov (1987 y.t.) boshqaruvidagi Damas avtomashinasida Toshkent viloyati Bekobod tumani Zafar qo‘rg‘oni tomonidan Bekobod shahar tomoniga harakatlanib ketayotib, Qorasu-Bo‘ka-Bekobod avtomobil yo‘lining 92- km da boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan. Oqibatda Bekoboddan Bekobod tumani Zafar qo‘rg‘oni tomon harakatlanib kelayotgan haydovchi R.Tolipov (1952 y.t.) boshqaruvidagi Mercedes-Venz avtomashinaning chap yon tomoniga to‘qnashib, yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

To‘qnashuv oqibatida Mercedes-Venz haydovchisi hamda uning ikki yo‘lovchisi — A.Sultonov (1968 y.t.) va U.Qurbonov (1975 y.t.), shuningdek Damas haydovchisi va uning yo‘lovchisi A.Meliboyev (1985 y.t.) jarohat olib, shifoxonaga yotqizilgan.

Shuningdek, mazkur yo‘l-transport hodisasi oqibatida Mercedes-Venz avtomashinasi yo‘lovchisi bo‘lgan O‘zbekiston bosh vaziri A.Aripov sog‘lig‘ining buzilishiga sababchi bo‘lmagan yengil tan jarohati olgan.

Hozirda ushbu yo‘l-transport hodisasi oqibatida jarohat olganlarning barchasiga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Ularning sog‘lig‘i qoniqarli holatda bo‘lib, hayoti va sog‘lig‘iga xavf soluvchi jarohatlar aniqlanmagan.

Mazkur holat yuzasidan hozirda dastlabki tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.