Orolbo‘yi bolalari uchun tarkibida reabilitatsiya markazi bo‘lgan 120 o‘rinli ixtisoslashgan maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etiladi. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov O‘zbekiston prezidentining 16 avgustdagi qaroriga tayanib xabar qildi.

Muassasa imkoniyati cheklangan bolalarga ta’lim berish hamda ularni jismoniy va intellektual imkoniyatlaridan kelib chiqib tarbiyalash va reabilitatsiya qilish uchun sinov loyihasi shaklida tashkil etilmoqda.

30 iyun holatiga ko‘ra, Maktabgacha ta’lim vazirligi tizimida alohida parvarishga muhtoj bolalar uchun 188 ta ixtisoslashgan MTM faoliyat ko‘rsatmoqda. Mazkur muassasalar 21 ming bola yoki ularning 3,3 foizini qamrab olgan.

Qarorda qayd etilishicha, ixtisoslashgan muassasalar zamonaviy reabilitatsiya vositalari, tibbiy uskunalar, korreksion-pedagogik faoliyat uchun zarur bo‘lgan jihozlar va o‘quv-didaktik materiallar bilan ta’minlanmagan. Ko‘plab MTMlarda infratuzilma va moddiy-texnik baza alohida parvarishga muhtoj bolalarni tarbiyalash va rivojlantirishga yaroqsiz.

Tashkil etilajak muassasa ixtisoslashgan ko‘p profilli MTM va reabilitatsiya markazidan tarkib topib, unga tarbiyalanuvchilar haftasiga besh kun to‘qqiz soatdan qabul qilinadi. MTMga tibbiy-psixologik-pedagogik komissiya xulosasi asosida 2−7 yoshli bolalar qabul qilinadi.

Reabilitatsiya markazi ko‘p profilli shifoxonalar yo‘llanmasi bo‘yicha bolalarga pulli ambulator yordam ko‘rsatishi ham mumkin.