O‘zbekiston va Tojikiston chegarachilari o‘rtasida maxsus harbiy taktik harbiy o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi xabar qildi.

Mazkur o‘quv mashg‘uloti har ikki davlat tarixida ilk bor o‘tkazildi. Unda harbiy xizmatchilar qurollangan shartli dushmanning hujumini birgalikda bartaraf etishdi.

Maxsus taktik o‘quv mashg‘ulotiga ertalabki 7:00 da start berildi. Mashg‘ulot ssenariysiga ko‘ra, jangarilar guruhi chegarani buzib o‘tib, Amudaryo orqali O‘zbekiston tomon harakatlandi. Yana bir guruh «terrorchilar» esa daryoni kechib o‘tib, Tojikiston hududiga kirib bordi. Shartli dushman aniqlanganidan so‘ng har ikki davlat chegarachilari tezlikda o‘zaro aloqa o‘rnatishdi. Chegarachilar yashirin tarzda qurollangan guruhni kuzatib borib, qarama-qarshi tomondan jangga kirishdi.

O‘quv mashg‘ulotlariga dronlar, zirhli texnikalar, jangovar katerlar, shuningdek, havo kuchlari ham jalb etildi. Harbiy xizmatchilarning harakatlari O‘zbekiston va Tojikiston chegara qo‘shinlari qo‘mondonlari tomonidan kuzatib borildi. Jangarilar «yo‘q qilinib», o‘quv mashg‘uloti muvaffaqqiyatli yakunlandi. Mashg‘ulotlar so‘ngida jangovar tayyorgarligi yuqori bo‘lgan harbiy xizmatchilar qimmatbaho sovg‘alar va ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi.