Andijon viloyatining Marhamat tumanida sodir etilgan qotillikka futbol ortidan o‘ynalgan garov sabab bo‘ldi. Bu haqda «Postda» gazetasi xabar berdi.

Bahrom va Sherzod (ism-shariflar o‘zgartirildi) Yevropa chempionlar ligasida qaysi jamoa g‘olib chiqishi ustidan garov boylashdi. Bahrom «Real», Sherzod esa Messi boshchiligidagi «Barselona» klubining ushbu turnirda g‘olib bo‘lishini taxmin qildi. O‘rtaga 600 AQSH dollari tikildi.

Bahrom hali uylanmagan, muqim ish joyi yo‘q, moddiy jihatdan hanuz oilasiga qaram, Sherzod esa oilali, bir nafar farzandi bor, tirikchiligi dehqonchilik orqasidan o‘tadigan oddiy bir yigit. Shunday bo‘lsa-da, ular o‘ylab o‘tirmasdan garov o‘ynashdi.

Turnir yakunlandi. «Barselona» yarim finalda qolib ketdi, «Real» esa chempionlikni qo‘lga kiritdi. Bundan hammadan ko‘proq Bahrom quvondi. Chunki u garovda yutgandi. Endi Sherzoddan 600 AQSH dollarini undirsa bo‘ladi. Shunday shirin xayol og‘ushida erta tongda ko‘chaga otlandi.

Bu paytda Sherzodning, tabiiyki, kayfiyati yo‘q edi. Balki Bahrom bu kelishuvni jiddiy qabul qilmas, garovga tikilgan puldan kechib yuborar, deya o‘ylardi. Biroq bunday bo‘lmadi.

— Qo‘ysang-chi, bu bir o‘yin-ku, shuni jiddiy qabul qildingmi, — dedi Sherzod Bahromga kulib.

— Bekorchi gapni qo‘y, garovmi garov. O‘sha kuni o‘zing boshlading, endi lafzingda tur.

Sherzod qanchalik avrashga harakat qilmasin, Bahrom uning gaplarini eshitishni istamadi.

Shu kundan boshlab Sherzodning halovati yo‘qoldi. Chunki Bahrom har ko‘rganda garovni eslataverdi, pulni so‘rab kelaverdi. Sherzod esa erta-indin, deya va’da berishdan, ishontirishdan charchamadi. Shu tariqa, yoz o‘tib, kuz keldi. Shunday kunlarning birida Bahrom:

— Agar garovda yutqazgan pulni tezda olib kelmasang, otangga hammasini aytib beraman, — dedi Sherzodga qo‘ng‘iroq qilib.

Bu gap shusiz ham chora topolmay qiynalib yurgan Sherzodning ko‘ngliga battar g‘ulg‘ula soldi. Otasi juda qattiqqo‘l odam, garov o‘ynaganini bilsa, jazolanishi aniq. Shuning uchun ham bu ishni hal qilmasa bo‘lmaydi. U o‘sha kuni opasidan 100 dollar olib, Bahromga yetkazdi. Shu bilan uning tinchlanishiga umid qildi.

— Hozircha shuni olib tur, sira imkon topolmayapman. Nasib qilsa, yaqinda Rossiyaga ketaman. Boriboq ishlab, birinchi senga jo‘nataman.

Bunday va’dalarni ko‘p eshitgan Bahrom endi unga quloq solishni istamadi.

— Bo‘ldi, sen bilan sichqon-mushuk o‘ynashdan charchadim, oshna. O‘g‘il bolamisan o‘zi? Nimangga ishonib o‘ynading unda garovni? Muhlat tugadi, qayerdan bo‘lsa ham topasan pulni, bo‘lmasa, o‘zingdan ko‘r!

Bu gap Sherzodga juda qattiq botdi. Vaziyat yanada chigallashdi. Endi undan qutulishning boshqa chorasini izlay boshladi. O‘sha kuni Bahromning unga qo‘ng‘iroq qilishi so‘nggi qarorga kelishiga yana bir turtki bo‘ldi.

— Kechqurun uchrashaylik, pulni olib ketasan.

Ular Sherzodning uyi yaqinida ko‘rishishdi.

— Qani yur, xoliroq joyga boraylik, dadam chiqib qolmasin.

Sherzod shunday degancha uni dala tomon yetakladi.

Ikkalasi dala chetiga bordi. Bu yerda ariq bor edi. Negadir Sherzod bezovta bo‘lar, xayoli joyida emasdi. Lekin mo‘may pul orzusidagi Bahrom uning bu holatini sezmadi.

— Qani, pulni olib chiqdingmi? — dedi yana toqatsizlik bilan.

— Hozir, qo‘limni chayib olay.

Sherzod ariq tomonga o‘tdi, qo‘lini yuvish bahonasida cho‘ntagidan arqon chiqardi va tezlik bilan Bahromning bo‘yniga tashladi. Keyin jon-jahdi bilan bo‘g‘a boshladi. Nima bo‘lganiga tushunmay qolgan Bahrom tipirchilab-tipirchilab, jon taslim qildi…

Sud Sherzod Muxtorov tomonidan sodir etilgan qotillikni o‘rganib chiqib, unga 18 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.