Ertaga Indoneziya poytaxti Jakarta shahrida XVIII Osiyo o‘yinlari rasman start oladi. Shu kungacha O‘zbekistondan futbol, ot sporti, tennis, penchak silat, akademik eshkak eshish, slalomda eshkak eshish, boks, qilichbozlik, yengil atletika bo‘yicha terma jamoalar Indoneziyaga yetib borgan edi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Bugun O‘zbekiston delegatsiyasining katta qismi, jumladan, taekvondo WTF, ushu, suzish, erkin va yunon-rum kurashi, og‘ir atletika bahslarida qatnashadigan sportchilar Osiyo o‘yinlari poytaxtiga yetib kelishdi. Ularni mahalliy «Soekarno Hatta» xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasining Indoneziyadagi elchixonasi vakillari, Milliy olimpiya qo‘mitasi ishchi guruhi a’zolari, Jakartada istiqomat qilayotgan bir guruh o‘zbekistonliklar, shuningdek, tashkiliy qo‘mita tomonidan O‘zbekiston sport delegatsiyasi uchun biriktirilgan ko‘ngillilar kutib olishdi.

Sportchi va murabbiylar aeroportdan to‘g‘ri Kemayoran daxasidagi Olimpiya shaharchasiga yo‘l olishdi. Ular Osiyo o‘yinlari davomida aynan shu yerda istiqomat qilishadi.

Ma’lumot uchun, ertaga soat 18:08 da (Toshkent vaqti bilan 16:08) Jakartadagi «Gelora Bung Karno Stadium"da XVIII Osiyo o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. 19 avgustdan esa asosiy musobaqalarga start beriladi. O‘sha kuni suzish, erkin kurash, ushu, o‘q otish, akademik eshkak eshish, tennis hamda qilichbozlik bo‘yicha bahslarda o‘zbekistonlik sportchilar o‘z ishtirokini boshlaydi. Shuningdek, futbolchilar Tailand terma jamoasiga qarshi guruhdagi so‘nggi uchrashuvlarini o‘tkazadi.