Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining ko‘rsatmasiga binoan endilikda tezlikni belgilangan me’yordan oshirish bilan bog‘liq qoidabuzarliklar zamonaviy avtomat-statsionar va mobil radarlar yordamida aniqlanadi. Bu haqda IIBB matbuot xizmati xabar berdi.

15 avgust kuni 237 haydovchi tezlik qoidalarini buzgani aniqlandi.

Mazkur apparat-dasturiy kompleksi real vaqt rejimida avtomatik ravishda qoidabuzarliklarni qayd etadi va simsiz aloqa orqali avtomobil raqami, sana, vaqt va voqea joyidan iborat bo‘lgan ma’lumotlarni «O‘zbekiston pochtasi"ning Toshkent shahar filiali ma’lumotlarni qayta ishlash markaziga yuboradi. Qoidabuzar ham bu haqda pochta orqali xabardor qilinadi. Ta’kidlash o‘rinli, bu radarning ishlash faoliyatida xodimlar ishtiroki talab etilmaydi.

Bugun, 16 avgust kuni mobil radarlar quyidagi manzillarga o‘rnatilgan:

Sergeli tumani, Toshkent halqa avtomobil yo‘li, «Elbrus» restorani, soat 9.00 dan;

Yakkasaroy tumani, Kichik halqa yo‘li, «Korzinka — Aeroport», soat 11.00 dan;

Chilonzor tumani, Bunyodkor ko‘chasi, 7-Avtokorxona, soat 14.00 dan, Oliy Majlis binosi, soat 16.00 dan;

Yunusobod tumani, Amir Temur ko‘chasi, «Yulduz» AJ, soat 18.00 dan.

Toshkent shahar IIBB yo‘l harakati qoidalariga amal qilishga chaqiradi. Unutmang, yuqori tezlik YTHlarining asosiy sababchisidir!