Ravshan Haydarov boshchiligidagi O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bugun Osiyo o‘yinlarining ikkinchi turi doirasida Qatar terma jamoasiga qarshi bahs olib bordi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar bermoqda.

O‘yin to‘laligicha o‘zbekistonlik futbolchilar ustunligi ostida kechdi. 38-daqiqada Zabihullo O‘rinboyev hisobni ochgan bo‘lsa, 43-daqiqada Ikrom Aliboyev jarimadan ajoyib gol kiritib, hisobni 2:0 ga yetkazdi.

Ikkinchi bo‘limni faol boshlagan futbolchilar tezkor gol kiritishga muvaffaq bo‘lishdi. Doston Hamdamov 46-daqiqada raqibni chiroyli tarzda aldab, darvozani ishg‘ol qildi — 3:0. 49-daqiqada Javohir Sidiqov bo‘sh qolgan darvozaga osonlik bilan to‘pni yo‘llab hisobni 4:0ga yetkazgan bo‘lsa, 53-daqiqada Jaloliddin Masharipov o‘ziga nisbatan ishlatilgan qo‘pollikdan so‘ng penaltidan gol kiritdi va hisob 5:0ga yetdi. 74-daqiqada Bobir Abdixoliqov raqib xatosidan unumli foydalangan holda hisobni juda yirik ko‘rinishga olib keldi — 6:0.

Ushbu g‘alaba Ravshan Haydarov shogirdlariga muddatidan avval keyingi bosqich yo‘llanmasini taqdim qildi. Keyingi uchrashuvni O‘zbekiston OTJ Tailand terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi.


Qatar OTJ — O‘zbekiston OTJ 0:6

Gollar: Z.O‘rinboyev (37), I.Aliboyev (43), D.Hamdamov (47), J.Sidiqov (49), J.Masharipov (53), B.Abdixoliqov (74).

Qatar OTJ: M.Badriddin, T.Salmon, U.Alimadiy, T.Almuhaza, A.Hesaba, M. Al Shammariy, N.Al nasr, J.Omar, M.Faraj, A.Al Saadiy, O. Al Ahmad.

O‘zbekiston OTJ: Botirali Ergashev, Abbos Otaxonov, Doston Tursunov, Rustam Ashurmatov, Akrom Komilov, Ikrom Aliboyev, Odil Hamrobekov, Doston Hamdamov, Javohir Sidiqov, Jaloliddin Masharipov, Zabihullo O‘rinboyev.