8 yil davomida Janubiy Koreyada faoliyat ko‘rsatgan Kamolxo‘ja Eshnazarov Sog‘liqni saqlash vazirligining Xususiylashtirish va pullik xizmatni tashkil qilish markazi direktori lavozimiga tayinlandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Unga, avvalo, tibbiyot tizimining ushbu yo‘nalishida marketing va menejment bo‘yicha innovatsion g‘oyalarni olib kirish, pullik xizmat ko‘rsatuvchi davolash muassasalari faoliyatini bugungi kun talabidan kelib chiqib takomillashtirish, samaradorligi past bo‘lgan shifoxonalarni xalqaro standartlarga mos ravishda modernizatsiya qilish va tibbiy turizmni rivojlantirish, tibbiy xizmat narxlarini qonunchilik talablari asosida tartibga solish vazifasi yuklatildi.

Bundan tashqari, u markazning moliya-xo‘jalik strategiyasini ishlab chiqish, pullik xizmat ko‘rsatuvchi davolash-profilaktika muassasalari faoliyatini nazorat qilish, ularga har jihatdan amaliy yordam berish, mazkur yo‘nalishdagi yetakchi xorijiy tibbiyot muassasalari bilan xalqaro hamkorlikni kengaytirish, muvaffaqiyatli tajribalar va aniq innovatsion modellarni amaliyotga tatbiq etish, tizimda zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish kabi ustuvor vazifalarga ham mas’ul etib belgilandi.

Tibbiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) K.Eshnazarov 8 yil davomida Janubiy Koreyaning qator nufuzli tibbiyot kompaniyalarida faoliyat ko‘rsatib, yetakchi universitet klinikalarida malaka oshirgan.

Koreys va ingliz tillarini mukammal o‘zlashtirgan 41 yoshli K.Eshnazarov prezident Shavkat Mirziyoyevning xorijdagi o‘zbekistonlik shifokorlarning mamlakat tibbiyotini rivojlantirishga jalb qilish haqidagi topshirig‘iga ko‘ra yurtimizga qaytgan.