«Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi Qonunga pensiyalarni hisoblab chiqarishga oid tuzatishlar loyihasi QHTBT portaliga joylashtirildi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.

2019 yil 1 yanvardan mehnat faoliyati uchun pensiyani hisoblab chiqarishda sug‘urta badallari hisoblanishi inobatga olinmaydi. Bu prezidentning 2018 yil 26 iyundagi «O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risida"gi PF-5468-son Farmoni qabul qilinishi bilan bog‘liq. Hujjatga muvofiq, 2019 yildan boshlab fuqarolarning byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga ushlab qolinadigan sug‘urta badallari bekor qilinadi. Tegishlicha, xodimga ish haqi hisoblangan bo‘lsa, har qanday ish (2019 yil 1 yanvardan keyin amalga oshiriladigan) ish stajiga qo‘shib hisoblanadi.

Bunda xodim 2019 yil 1 yanvardan keyin amalga oshiradigan mehnat faoliyati uchun pensiyani hisoblab chiqarishda sug‘urta badallari asos qilib olinmasligini yana bir bor qayd etib o‘tamiz. 2018 yil oxirigacha ishlangan davr uchun pensiyani hisoblashda, avvalgidek, xodimning sug‘urta badallari hisoblangan daromadlari olinadi.

Ma’lumot uchun. Pensiyani hisoblab chiqarish uchun, ishdagi mavjud tanaffuslardan qat’i nazar, oxirgi 10 yillik mehnat faoliyati davomidagi istalgan ketma-ket 5 yildagi (pensiya so‘rab murojaat etgan kishining tanlovi bo‘yicha) ish haqi olinadi.

Eslatib o‘tamiz, pensiyani hisoblab chiqarish uchun ish haqiga Soliq kodeksining 172-moddasida ko‘rsatilgan, sug‘urta badallari hisoblanadigan mehnatga haq to‘lash tarzidagi barcha daromadlar kiritiladi. Bular:

haqiqatda bajarilgan ish uchun hisoblangan ish haqi;

ilmiy daraja va faxriy unvon uchun qo‘shimcha to‘lovlar;

rag‘batlantirish xususiyatiga ega to‘lovlar (yillik ish yakunlari bo‘yicha mukofot, ta’tilga qo‘shimcha haqlar va h.k.);

kompensatsiya to‘lovlari (og‘ir, zararli, o‘ta zararli mehnat sharoitlarida ishlaganlik uchun ustamalar; bir necha kasbda, lavozimda ishlaganlik uchun ustamalar va h.k.);

ishlanmagan vaqt uchun haq to‘lash (yillik asosiy va qo‘shimcha ta’tillarga haq to‘lash va h.k.);

predmeti ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatish bo‘lgan fuqarolik-huquqiy tusda tuzilgan shartnomalarga muvofiq jismoniy shaxslarga to‘lovlar;

yuridik shaxsning boshqaruv organi (kuzatuv kengashi yoki boshqa shunga o‘xshash organi) a’zolariga yuridik shaxsning o‘zi tomonidan amalga oshiriladigan to‘lovlar;

Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklarining, DXXning harbiy xizmatchilariga, IIOning oddiy askarlar, serjantlar va ofitserlar tarkibiga hamda DBQning xodimlariga xizmatni o‘tashi (xizmat majburiyatlarini bajarishi) munosabati bilan to‘lanadigan pul ta’minoti, pul mukofotlari va boshqa to‘lovlar.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.