Namangan viloyati ichki ishlar boshqarmasida respublikada ilk bor kriminalist-psixolog maxsus avtomobili faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda namnews.uz axborot-tahliliy portaliga viloyat IIB matbuot xizmati xabar berdi.

Maxsus avtomobildagi shaxsiy tarkib jinoyat joyiga zudlik bilan yetib borib, hodisa sodir bo‘lgan hududdagi fuqarolar, jabrlanuvchi va gumonlanuvchilarni psixologik jihatdan o‘rganadi. Buning uchun mashinada barcha sharoitlar yaratilgan bo‘lib, zamonaviy axborot-kommunikatsion texnologiyalarni qo‘llagan holda aniq diagnostik tavsiyalar ishlab chiqiladi.

Hozirda kriminalist-psixolog maxsus avtomashinasidan viloyat IIB jinoyat qidiruv boshqarmasi faoliyatida keng foydalanilmoqda.

Shu yilning 27 iyul kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ichki ishlar organlarida psixologlar xizmatiga ehtiyoj sezilayotganligi ta’kidlanib, ularning xizmatidan samarali foydalanish yuzasidan vazifalar belgilangandi. Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida tizimda kriminalist-psixolog faoliyati yo‘lga qo‘yildi.