2018 yil 10 avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Uchtepa tuman sudida sudlanuvchilar Toshkent yuridik kolleji sobiq direktori Natalya Temirova hamda Toshkent yuridik kollejida ish yurituvchi kotib va xodimlar bo‘limi inspektori bo‘lib ishlagan Abdulazizjon Salimjonovga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi rasmiy vakili Aziz Obidov «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, Natalya Temirova 1959 yilda Navoiy viloyatida tug‘ilgan, o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, muqaddam sudlanmagan, Toshkent yuridik kolleji direktori lavozimida ishlagan. Abdulazizjon Salimjonov 1995 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, muqaddam sudlanmagan, Toshkent yuridik kollejida ish yurituvchi kotib va xodimlar bo‘limi inspektori bo‘lib ishlagan.

Mazkur jinoiy ishi sudya Bolat Sultonov raisligida hamda xalq maslahatchilari Sanoat Nabiyeva va Dono Islomovadan iborat sud tarkibida ko‘rib chiqildi.

Sud jinoyat ishi materiallarini batafsil o‘rganib chiqib, N. Temirovani O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 168-moddasi (firibgarlik), 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish), 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish), 209-moddasi (mansab soxtakorligi), 28-moddasi orqali 211-moddasi (pora berishga qiziqtirish), 227-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni va boshqalarni egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) va 238-moddasida (yolg‘on guvohlik berish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda, A. Salimjonovni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik), 28-moddasi orqali 211-moddasi (pora berishga qiziqtirish) va 28-moddasi orqali 209-moddasida (mansab soxtakorligiga ko‘maklashish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topdi.

Sud O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va jinoyat qonunchiligida o‘zining teran ifodasini topgan insonparvarlik, bag‘rikenglik va adolat tamoyillaridan kelib chiqib, sudlanuvchilarga jazo tayinladi.

Ya’ni N. Temirovaga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 45 (muayyan huquqdan mahrum qilish) moddasini qo‘llagan holda va 59 (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash), 61 (jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari) moddalari tartibida 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan holda eng kam oylik ish haqining 350 barobari miqdorida, ya’ni 52 421 250 so‘m (2017 yil oktyabr holatidagi 149 775 so‘mdan) jarima va 5 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, ozodlikdan mahrum qilish jazosini umumiy tartibdagi koloniyada o‘tash belgilandi. A. Salimjonovga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 45 (muayyan huquqdan mahrum qilish) moddasini qo‘llagan holda, 59 (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) moddasi tartibida 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan holda eng kam oylik ish haqining 310 barobari miqdorida, ya’ni 46 430 250 so‘m (2017 yil oktyabr holatidagi 149 775 so‘mdan) jarima jazosi tayinlandi.

Shuningdek, sud tomonidan sudlanuvchilar va boshqa tomonlarga hukm ustidan shikoyat qilish tartibi va muddati tushuntirildi.