Iordaniyaning Amman shahrida qilichbozlik bo‘yicha Osiyo kadet sikli doirasidagi navbatdagi musobaqa bo‘lib o‘tdi. Bu safargi musobaqada qit’ning to‘rtta mamlakatidan 24 nafar sportchi ishtirok etdi. Unda o‘zbekistonlik yosh qilichbozlar ham qatnashdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Sablya bo‘yicha bellashuvlarda ishtirok etgan to‘rt nafar o‘zbekistonlik sportchining uch nafari sovrindorlar qatoridan joy oldi.

Chorak final doirasida kechgan bahslarda Sherzod Mamutov BAA vakilini, Jaloliddin Dushamboyev kuvaytlik raqibini, Bobur Rasulov iordaniyalik sportchini mag‘lubiyatga uchratishdi. Yarim finaldagi «o‘zbek derbisi"da Jaloliddin Dushamboyev Sherzod Mamutovni mag‘lub etib, finalga yo‘l oldi. Bobur Rasulov esa kuvaytlik Muhammad Alfadhliga imkoniyatni boy berdi. Oltin medal uchun kechgan bahsda Kuvayt terma jamoasi a’zosi Muhammad Alfadhli Jaloliddin Dushamboyevni mag‘lubiyatga uchratdi.

Shu tariqa, Iordaniyadagi Osiyo kadet sikli musobaqasida Jaloliddin Dushamboyev kumush, Sherzod Mamutov va Bobur Rasulov bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Eslatib o‘tamiz, iyul oyida Xitoyning Usi shahrida o‘tkazilgan Osiyo kadet sikli bahslarida o‘zbekistonlik sportchilardan Pazil Genjabayev oltin, Sherzod Mamutov esa kumush medalga sazovor bo‘lgandi.