10 avgust kuni Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) hamda O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 262 mln yapon yeni (2,3 mln dollar) miqdoridagi grant shartnomasini imzoladi. Bu haqda JICA idorasidan «Gazeta.uz"ga xabar qilindi.

Mazkur mablag‘lar O‘zbekiston vazirlik va mahkamalari, tadqiqot muassasalari va davlat kompaniyalari xodimlarini Yaponiya oliy ta’lim muassasalarida o‘qishlari uchun yo‘naltiriladi.

Saralab olingan nomzodlar 2019−2022 yillarda Yaponiya OTMlariga jo‘natiladi. Ular iqtisodiy infratuzilmalar, ishbilarmonlik muhiti, qonunchilik tizimi, davlat moliyaviy boshqaruvi, qishloq xo‘jaligi va sog‘liqni saqlash yo‘nalishlarida magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha tahsil oladi.