9 avgust kuni qo‘shni Tojikistonda tibbiyot majmuasini qurish uchun mo‘ljallangan materiallar, maxsus texnikalar va uskunalar ortilgan yuk avtokolonnasi O‘zbekiston-Tojikiston chegarasini kesib o‘tdi. Loyihani amalga oshirish «O‘zbekneftgaz» kompaniyasiga topshirilgan. Kompaniya matbuot xizmatining xabar qilishicha, avtokolonna o‘z safarini Buxorodan boshladi.

O‘zbekiston Tojikiston janubidagi Xatlon viloyatida tibbiyot majmuasini qurib, uni beg‘araz asosda tojik tomoniga topshiradi. Ob’ekt 200 koyka-o‘ringa mo‘ljallangan.

Qurilish O‘zbekiston prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori hamda ikki davlat hukumatlari o‘rtasida erishilgan kelishuvlar doirasida amalga oshiriladi.

Avtokolonna tarkibidan ekskvator, treyler, muhandis-texnik xodimlar uchun xo‘jalik vagonlari, 15 nafar mutaxassis, jumladan mexanizatorlar, tuproq va tayyorgarlik ishlari bo‘yicha asosiy ishchilarni qo‘shni mamlakatga olib boruvchi avtobus o‘rin olgan.