Xalq ta’limi vazirligi maktablardagi qurilish va ta’mirlash ishlarini onlayn monitoring qilish tizimini ishga tushirdi, deya xabar qildi XTV matbuot xizmati.

Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi umumta’lim maktablarida qurilish-ta’mirlash ishlarining sifatli bajarilishidan manfaatdor va shu sababli, mazkur yo‘nalishda doimiy monitoringni amalga oshiradi, deyiladi xabarda. Maktablar qurilishi jarayoni, ya’ni pudratchini aniqlash, uni moliyalashtirish hamda qurilish ishlarini sifatli yakunlanishini ta’minlash esa to‘liq mahalliy hokimiyatlar tomonidan amalga oshiriladi.

Joriy yil Investitsiya dasturiga ko‘ra mahalliy hokimliklar tomonidan 356 ta ta’lim muassasalarida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari ular tomonidan «Obod qishloq» («Obod mahalla») Davlat dasturi doirasida 371 ta maktabda qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Investitsiya dasturi va «Obod qishloq» («Obod mahalla») Davlat dasturi doirasida umumiy o‘rta ta’lim maktablarida olib borilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlarini onlayn monitoring qilish, jamoatchilik tomonidan nazoratni o‘rnatish, amalga oshirilayotgan ishlarning shaffofligi va sifatini ta’minlashga qaratilgan axborot tizimi amaliyotga joriy etildi.

Monitoring tizimi (stat.uzedu.uz) viloyat va tumanlardagi ishlarning borishini kuzatish, ta’mir va qurilish ishlari rejalarining bajarilishi bo‘yicha hududlar reytingini tuzishga imkon yaratadi.

XTV ta’lim muassasalarining ta’mir va qurilish ishlaridan so‘ng foydalanishga topshirishda jamoatchilik nazoratining ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi. Fuqarolar kamchiliklarni aniqlagan taqdirda tizim orqali rasm va izohlarini joylashtirishlari mumkin.

Izoh qoldirish yoki fotosuratlar jo‘natish uchun shahar yoki viloyatni tanlab, yuqori chap burchakdagi tugmachani bosish va tumanni ko‘rsatish, maktab tanlanganidan so‘ng oynacha ochiladi (foto).

Shunday qilib hokimiyatlarda kamchiliklar fotosuratlari paydo bo‘ladi va ular pudratchilarga ana o‘sha kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha topshiriq beradi.

«Avvallari, maktabning qurilish-ta’mirlash ishlari to‘liq tugallanmagan bo‘lsada maktab direktorlarini qabul qilish bo‘yicha majburlab imzo qo‘ydirib olish holatlari kuzatilgan», — deya qayd etdi vazirlik matbuot xizmati.