Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tuman Majburiy ijro byurosi boshlig‘i Bahrom Jo‘rayev 1 avgust kuni Toshkentda Shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish Respublika ilmiy markazi jonlantirish bo‘limida vafot etdi.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining «Gazeta.uz"ga xabar qilishicha, MIB boshlig‘i o‘zining sobiq xodimi tomonidan pichoqlangan.

Avval davlat ijrochisi I.Shavkatov u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi sababli xizmat xonasidan o‘ziga tegishli buyumlarni olib ketish maqsadida bo‘limga keladi. U yerda bo‘lim boshlig‘i Bahrom Jo‘rayev bilan tortishib qolib, yonida bo‘lgan oshxona pichog‘ini qorin sohasiga 1 marotaba sanchib, unga tan jarohati yetkazadi.

Bahrom Jo‘rayev Yakkabog‘ tumani tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Mazkur holat yuzasidan Yakkabog‘ tuman prokuraturasi tomonidan 3 may kuni JKning 25, 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ayblanuvchi I.Shavkatovga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, Qashqadaryo viloyat prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.