Test sinovlarining beshinchi kuni respublikadagi 18 ta oliy ta’lim muassasalarida test jarayonlari bir vaqtda 1-smenada 8.00dan boshlanib, 11.30ga qadar va 2-smenada 15:00 dan boshlanib, 18:30 ga qadar to‘liq yakunlandi. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov o‘zining feysbukdagi sahifasi orqali ma’lum qildi.

Test sinovlari o‘tkaziladigan 57 ta binoda yong‘in va xavfsizlik choralari ko‘rildi. Barcha binolarda tibbiyot xodimlarining navbatchiligi hamda test sinovlari o‘tadigan hududlarda tez yordam mashinalari tashkil etildi.

5 avgustdan havo haroratining ko‘tarilishi natijasida abituriyentlarning ota-onalari uchun salqin joylarda o‘rinlar soni ko‘paytirildi va u yerda katta hajmli monitorlar yordamida test jarayonlari onlayn ko‘rinishda yoritib borildi.

Yozning chillasida ota-onalarga yanada qulaylik yaratish maqsadida ilk bor test sinovlari UzdigitalTV va mahalliy telekanallar orqali hamda test2018.uz Internet saytida onlayn ko‘rinishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritildi.

Ichki ishlar tizimidan 4 963 nafar shaxsiy tarkib xodimlari, 1206 ta aloqa vositalari, 694 ta metallodetektorlar, 289 ta transport vositalari test sinovlari jarayoni xavfsiz o‘tishiga jalb qilindi.

Test sinovlarini o‘tkazishga ta’lim muassasalaridan test sinovlari o‘tkazish tartib-qoidalari va texnologiyasi bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan 2 ming 404 nafar guruh nazoratchilari jalb etildi.

Barcha hududlarda jamoat va yong‘in xavfsizligi, test materiallarining maxfiy va dahlsizligi, binolar faoliyat tizimining uzluksiz ishlashi, tibbiy xizmat va inshootlarni qo‘riqlash to‘liq ta’minlandi.

Test sinovlarida 18 ta oliy ta’lim muassasalarining 98 ta ta’lim yo‘nalishida 57 ming 728 nafar abituriyent ishtirok etdi, turli sabablarga ko‘ra 1443 nafar abituriyent test sinovlariga kelmadi.

Test sinovlari tartib qoidalarini buzganligi sababli 292 nafar abituriyent, shundan 161 nafari hududga kirish joyida uyali telefon, shpargalkalar olib kirishga va o‘zgani o‘rniga kirishga uringanligi uchun, 131 nafari bino ichida shpargalkadan foydalanishga va boshqa abituriyentlarga yordam berishga uringanligi uchun test sinovlaridan chetlashtirildi.

Test natijalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan Feldegerlik xizmati tomonidan maxfiyligi va daxlsizligini ta’minlagan holda Davlat test markaziga 18.30 dan qaytarish boshlandi. So‘nggi materiallar Farg‘ona vodiysi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidan kechasi 2:00da yetib keladi.

Yetib kelgan test natijalari bo‘yicha darhol kompyuter yordamida qayta ishlash jarayoni boshlanadi.

Davlat test markazining xodimlari tashqariga chiqmasdan, telefon va boshqa aloqa vositalaridan foydalanmagan hamda test materiallarining maxfiyligini ta’minlagan holda test materiallarini qayta ishlaydi.

5 avgust test natijalari 6 avgust kuni kunning ikkinchi yarmida Davlat test markazining dtm.uz saytida e’lon qilinadi.

Respublikada test sinovlari 1−15 avgust kunlariga rejalashtirilgan. Tashkil qilingan tizim bo‘yicha ishlar davom ettiriladi.