Samarqand xalqaro aeroportiga «Domodedovo-Samarqand» yo‘nalishidagi 612-raqamli aviareys bilan uchib kelgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi N.M. «yashil» yo‘lak orqali bojxona nazoratidan o‘tish vaqtida sumkasining ichida qiymati 16 million so‘mdan ziyod bo‘lgan tibbiyot uskunasi borligi aniqlanib, bojxona xodimlari tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirilgan. Bu haqda «Samarqand aeroport» chegara bojxona posti katta inspektor-surishtiruvchi Lazizi Qahhorov «Zarafshon» gazetasiga ma’lum qilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining «Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi» unitar korxonasi xulosasiga ko‘ra, daliliy ashyo sifatida olingan «Elektropech vakuumnaya malogabaritnaya EVP AVERON» yozuvli tibbiyot uskunasini qonuniy litsenziyasiz (ruxsatnoma), sifatini tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lmagan holda O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish, sotish, foydalanish va tibbiy amaliyotga qo‘llashga ruxsat etilmaydi.

Sud fuqaro N.M.ni qilmishini yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlari mavjud emas, deb hisoblab, unga nistaban jazo tayinlashda muqaddam ma’muriy javobgarlikka tortilmaganini inobatga olib, tegishli qaror chiqardi.

Fuqaro N.M. O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 22719-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topilib, sud O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 33-moddasiga asosan eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdorida jarima jazosi tayinladi.

Shu o‘rinda eslatib o‘tamiz, joriy yil boshidan buyon 7 oy davomida «Samarqand aeroporti» chegara bojxona postida 11 ta holatda 155 million 700 ming so‘mlik tibbiy amaliyotda foydalanishga yaroqsiz deb topilgan tibbiyot buyumlari hamda dori vositalari olib kelinishi oldi olingan.